O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi: endilikda apostil qoʻyish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi
2019-02-27 | Jamiyat
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida fuqarolarga qulayliklar yaratish, ularning hujjatlarni koʻtarib idorama-idora yurish holatlari va ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olish maqsadida birqancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi qaroriga asosan endilikda, davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan xorijiy davlatlarda amal qilishi uchun berilgan ishonchnoma, shartnoma, guvohnomalarni, shuningdek FHDYO boʻlimlari tomonidan berilgan guvohnoma va maʼlumotnomalarni tasdiqlash (Maʼlumki, xorijiy davlatlarda amal qilish yoki xorijiy davlatlarning qaysidir tashkiloti yoki organiga taqdim qilish uchun berilgan hujjat (ishonchnoma, shartnoma, guvohnoma, maʼlumotnoma)dagi imzoning va hujjatga qoʻyilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini tasdiqlab, maxsus shtamp qoʻyish apostil hisoblanadi.
Bugungi kungacha xorijiy davlatlarda amal qilishi uchun berilgan hujjatlarni tasdiqlatish uchun fuqarolar Adliya vazirligiga, Toshkent shahriga kelishlari zarur edi. Yangi tartibga asosan bu talab bekor qilinib fuqarolar ushbu hujjatlarni tasdiqlatish uchun Toshkent shahriga kelib yurmasdan, oʻzlarining doimiy yashash joylaridagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladilar.
Markaz xodimlari tomonidan elektron anketa toʻldirilib, 10 daqiqa ichida tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyat yoki Toshkent shahar adliya boshqarmasiga yuboriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahar adliya boshqarmasi anketani qabul qilib olganidan soʻng 5 ish kuni ichida hujjatni tasdiqlash (apostil qoʻyish) boʻyicha qaror qabul qiladi. Hujjatlar tasdiqlangan taqdirda darhol davlat xizmatlari markaziga yetkaziladi.
Davlat xizmatlari markazi hujjat tasdiqlanganligi haqidagi xat tushgandan soʻng 1 soat mobaynida hujjatini olib ketish uchun ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Qonunchilikka kiritilgan bu oʻzgarish fuqarolarda hujjatlarni rasmiylashtirishdagi noqulayliklar, ortiqcha mablagʻ va vaqt yoʻqotishning oldini olishga xizmat qiladi.