O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston delegatsiyasi Polshaga tashrif buyurdi
2019-02-25 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 18-20-fevral kunlari Qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Saidkomol Xodjayev boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Polshaga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibiga “Xalq bank” va fermer xoʻjaliklari vakillari kirdi.
Polsha qishloq xoʻjaligi va qishloq rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shimon Gizinskiy bilan uchrashuv doirasida agrosanoat sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish rejalashtirildi. Jumladan, tomonlar qishloq xoʻjaligi boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzish va joriy yilning birinchi yarmida dastlabki uchrashuvini oʻtkazish boʻyicha kelishishdi. Bundan tashqari, “Bronisze” logistika markazida “Oʻzbekiston kunlari” oʻtkazilishi boʻyicha kelishuvga erishildi. Ushbu formatdagi tadbirning oʻtkazilishi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini Polshadagi eng yirik savdo platformalaridan birida taqdim etish imkonini beradi. Polsha tomoni Oʻzbekistonda yetishtirilgan qovun, gilos va anor mahsulotlarni sotish uchun logistika markaz hududida maxsus maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Tashrif davomida delegatsiya agrosanoat sohasidagi kompaniyalar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Oʻzbekistonda yaqin kelajakda “Milex” (tomchilatib sugʻorish), “Igloszron” (parranda mahsulotlari ishlab chiqarish), “Arno” (intensiv bogʻdorchilik) kompaniyalari oʻz loyihalarini amalga oshirish boʻyicha rejalarini maʼlum qilishdi. Polsha savdo-sanoat palatasi bilan Oʻzbekiston janubida “in-vitro” usulida urugʻlik kartoshkani ishlab chiqarish boʻyicha klaster tashkil etish rejalashtirildi.