O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-02-22 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Soʻnggi yillarda mamlakatda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarini demokratlashtirishga, innovatsion texnologiyalarni joriy etishga, inson salohiyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratishga, aholining farovonlik darajasini oshirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
 
Shunday bir sharoitda muayyan sohadagi vaziyatni sifat jihatidan oʻzgartirish hamda ilgʻor xorijiy va mahalliy nazariy-metodologik vositalardan foydalanish asosida uni rivojlantirish vazifalarini davom ettirish xususida sotsiologik soʻrovlar oʻtkazishning sifat jihatidan yangi va zamonaviy tadqiqot amaliyotini shakllantirish masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
 
Xalqaro amaliyot va mamlakatimiz tajribasi sotsiologik tadqiqotlarni ijtimoiy sheriklik prinsiplari asosida oʻtkazish jarayonida nohukumat tashkilotlarning salohiyatidan yanada kengroq foydalanish va shu maqsadlarda davlat buyurtmasini sifatli bajarish, aholini mazkur jarayonga faolroq jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish zarurligini koʻrsatmoqda.
 
Jamoatchilik fikrining tizimli monitoringini taʼminlash hamda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotida uning natijalaridan foydalanish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida:
 
1. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi muassislari yigʻilishining uni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi (keyingi oʻrinlarda “Ijtimoiy fikr” markazi deb yuritiladi) etib qayta nomlash taklifiga rozilik berilsin.
 
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, quyidagilar “Ijtimoiy fikr” markazining asosiy vazifalarihisoblanadi:
 
a) quyidagilarda:
 
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida, davlat va jamiyat qurilishida – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rolini yanada kuchaytirishga, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar;
 
sud-huquq sohasida – qonun ustuvorligini taʼminlashga va inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga yoʻnaltirilgan islohotlar;
 
iqtisodiyotda – uning raqobatbardoshligini oshirishga, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, liberallashtirish va diversifikatsiya qilishga, davlatning iqtisodiy jarayonlarda ishtirokini kamaytirish boʻyicha institutsional va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish sifatini aniqlash va oʻrganishga, xususiy mulkchilik huquqlarini ishonchli himoya qilishga yoʻnaltirilgan islohotlar;
 
ijtimoiy sohada – aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga, uning bandligini taʼminlashga, real daromadlarini oshirishga va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirishga, taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, madaniyat, sanʼat, sport, ilm-fan va boshqa yoʻnalishlarning sifatini oshirishga, davlatning yoshlarga oid siyosatini va arzon uy-joylar qurish dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlarini bajarishga yoʻnaltirilgan islohotlar;
 
xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik, shuningdek, tashqi siyosat sohalarida – mamlakat mudofaa qobiliyatini, fuqarolar oʻrtasida va dinlararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashga, tashqi siyosat sohasidagi faoliyat samaradorligini yanada oshirishga yoʻnaltirilgan islohotlar toʻgʻrisidagi jamoatchilik fikrini oʻrganish va tahlil qilish;
 
b) fuqarolar dunyoqarashini shakllantirishning asosiy yoʻnalishlarini, ularning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy, huquqiy ongi holati va mazmunini belgilash, aholining siyosiy, huquqiy madaniyati darajasini oʻrganish va ularni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
 
v) ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning holati va dinamikasi toʻgʻrisida, aholining ijtimoiy fikri haqida ishonchli axborotni tarqatish;
 
g) xorijiy tadqiqotchilik amaliyotida faol foydalaniladigan va zamonaviy axborot yondashuvlariga tayanadigan sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishni tashkil etish texnikasi va texnologiyalarini ishlab chiqish, moslashtirish, tatbiq etish va ularning keng usullarini qoʻllash,jamoatchilik fikrini oʻrganish metodologik asoslarini tahlil qilish va takomillashtirish.
 
3. “Ijtimoiy fikr” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligining:
 
“Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan Taʼsischilar kengashi tomonidan har yili maʼqullanadigan sotsiologik tadqiqotlar rejasiga muvofiq sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish tartibini saqlab qolgan holda “Ijtimoiy fikr” markazining rahbar va ilmiy xodimlariga byudjet mablagʻlari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy va rahbar xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish miqdorlari va shartlarini, Markazning boshqa xodimlariga esa Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga idoraviy mansub muassasalar uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini tatbiq etish;
 
“Ijtimoiy fikr” markazini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan taʼminlash tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga har yili “Ijtimoiy fikr” markazining buyurtmanomalariga koʻra markazning asosiy vazifalarini amalga oshirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni koʻzda tutish tavsiya etilsin.
 
4. “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida muntazam muhokama qilish va ular boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish amaliyotga joriy etilsin.
 
Belgilansinki, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov natijalari ommaviy axborot vositalari, markaziy davlat telekanallari, bosma nashrlar va Markazning veb-saytida doimiy yoritib borilishi zarur.
 
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ijtimoiy fikr” markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda sotsiologik soʻrovlar yakunlarini yoritish maqsadida “Oʻzbekiston 24” telekanalida doimiy faoliyat yuritadigan “Ijtimoiy fikr” (“Obщyestvennoye mneniye”) maxsus rukni tashkil etilishini taʼminlasin.
 
5. 2019-2020 yillarda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazini uskunalar, texnika va boshqa vositalar bilan jihozlash dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Ijtimoiy fikr” markazining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun zarur boʻlgan uskunalar, texnika va boshqa vositalarni, shuningdek, ushbu Dasturda keltirilgan xorijiy ilmiy va maxsus adabiyotlarni xarid qilishga mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
 
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda:
 
“Ijtimoiy fikr” markazini zarur aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi bilan, Internetga keng polosali ulanishini taʼminlasin hamda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda video anjumanlar, internet-forumlar va telekoʻpriklarni oʻtkazishda zarur texnik yordam koʻrsatsin;
 
“Ijtimoiy fikr” markaziga telefon va Internet tarmogʻi orqali ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va mamlakatimiz hayotining boshqa yoʻnalishlariga doir dolzarb joriy masalalar yuzasidan aholi oʻrtasida blis-soʻrov oʻtkazish uchun call-markazini tashkil etishda amaliy va texnik yordam koʻrsatsin;
 
“Ijtimoiy fikr” markazining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni monitoring va tahlil qilish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi”,“Qoʻngʻiroqlarni qayta ishlash markazi” (telefon raqamlari 10-00, (0800) 210-00-00) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining axborot tizimlari faoliyatiga doir statistik va boshqa axborotlardan foydalanishini taʼminlasin.
 
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda, zamonaviy usul va yondashuvlar asosida sotsiologik soʻrovlar oʻtkazishni tashkillashtirish koʻnikmalarini oshirish maqsadida ularning malakali mutaxassislarini jalb etishda “Ijtimoiy fikr” markaziga koʻmaklashsin.
 
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
 
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab “Ijtimoiy fikr” markazining buyurtmanomalariga koʻra respublikadagi oliy taʼlim muassasalari talabalari tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqarish amaliyotidan oʻtishi uchun mazkur Markazga muntazam yuborilishini taʼminlasin;
 
respublikadagi tegishli oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda ikki oy muddatda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab sotsiologiya va sotsiologik tadqiqotlar kafedralarini ochish choralari koʻrilishini taʼminlasin.
 
9. “Ijtimoiy fikr” markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazining Oʻzbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasini tashkil etish hamda quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
 
oʻz aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish;
 
ilmiy tadqiqotlar, ijtimoiy mezonlar metodologiyasini takomillashtirish boʻyicha ishlarda,mamlakatimiz sotsiologiya hamjamiyatining intellektual va ilmiy-texnik salohiyatini yuksaltirishda ishtirok etish, shu jumladan, ijtimoiy tajribalar oʻtkazish boʻyicha takliflar kiritish;
 
Oʻzbekistonda va xorijda demografik jarayonlarni oʻrganish va tahlil qilishga koʻmaklashish;
 
sotsiologlar va boshqa xodimlarning malakasini oshirish;
 
oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlariga sotsiologiya fanidagi eng yangi yutuqlarni va sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishning innovatsion yondashuvlarini joriy etish boʻyicha ular bilan hamkorlik qilish;
 
xalqaro va xorijiy sotsiologlar assotsiatsiyalari bilan hamkorlik qilish, sifatli sotsiologik ishlarni, shu jumladan, xorijda oʻtkazish maqsadida konsorsium tashkil etish;
 
Xalqaro sotsiologlar assotsiatsiyasiga aʼzo boʻlish, butun jahon sotsiologik kongresslar va forumlarda ishtirok etish.
 
10. “Ijtimoiy fikr” markazi:
 
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, moliya, iqtisodiyot va sanoat, bandlik va mehnat munosabatlari, ichki ishlar vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axboroti;
 
Oʻzbekiston Respubikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi byulletenlari va kundalik maʼlumotlari toʻplami;
 
xorijiy matbuot sharhlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari institutining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid tahliliy maʼruzalari majburiy joʻnatiladigan reyestrga kiritilsin.
 
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi 2020 va undan keyingi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda “Ijtimoiy fikr” markazining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra Markaz va tashkil etiladigan Oʻzbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi binolarida taʼmirlash-tiklash ishlari va ularni texnik oʻqitish vositalari bilan jihozlash boʻyicha loyihalar kiritilishini belgilangan tartibda nazarda tutsin.
 
12. Quyidagilarga:
 
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.J.Xadjayev va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimovga – sotsiologik soʻrovlar natijalarining ommaviy axborot vositalari, markaziy davlat telekanallari va bosma nashrlarda muntazam yoritib borilishi uchun;
 
vazirliklar, idoralar, boshqa davlat organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlariga – “Ijtimoiy fikr” markaziga uning vazifalarini samarali amalga oshirishda har tomonlama va toʻliq koʻmaklashish uchun shaxsan javobgar ekani koʻrsatib oʻtilsin.
 
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 25 iyundagi “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida”gi PF-1791-son Farmonining 2.1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
 
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
 
bir oy muddatda “Ijtimoiy fikr” markazini mazkur Farmonga muvofiq uning nomi oʻzgartirilganini va ustuvor vazifalari belgilab olinganini hisobga olgan holda qayta roʻyxatdan oʻtkazsin;
 
tashkil etilayotgan Oʻzbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasini belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin, ustav organlarini shakllantirishda unga har tomonlama koʻmaklashsin;
 
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
 
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
 
Oʻzbekiston Respublikasi
 
Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOYEV
 
Toshkent shahri,
2019 yil 22 fevral

Поделиться