O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpogʻistonda kompleks davlat xizmatlari joriy etiladi
2019-02-22 | Innovatsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT taraqqiyot dasturining “Samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiyani rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasi tomonidan tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Davlat xizmatlari markazlarida operatsion va funksional jarayonlarni optimallashtirishni hisobga olgan holda davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini transformatsiyalash natijalarining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahri va Qoʻngʻirot tumanlari davlat xizmatlari markazlari bazasida bola tugʻilishi bilan bogʻliq davlat xizmatlarini koʻrsatish kompleks tizimini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Farzand tugʻilishi ota-ona uchun eng baxtli voqea. Ammo kichkintoyga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtirish, bir martalik ijtimoiy toʻlovni olish va poliklinikada roʻyxatga oʻtish uchunqator-qator navbatlarda turish, turli-tuman hujjatlarni toʻldirishga toʻgʻri keladi. FHDYO, Pensiya jamgʻarmasi, poliklinika – bularning baridan zarur xujjatlarni olish uchun bir necha kun ketadi.
Mana shu xizmatlar oson va qiyinchiliklarsiz amalga oshirilishining esa imkoni bor. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi BMT taraqqiyot dasturining “Samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiyani rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasi bilan hamkorlikda bola tugʻilishi bilan bogʻliq bir nechta davlat xizmatlarining maʼmuriy ish tartibi loyihasini ishlab chiqdi.
Yangi xizmat quyidagicha koʻrsatiladi: avval tibbiy muassasa (tugʻruqxona, shifoxonaning tugʻruq boʻlimi) tegishli anketani toʻldirish va elektron tibbiy maʼlumotnoma berish uchun elektron shaklda ota-ona va bola toʻgʻrisida maʼlumot tayyorlaydi. Soʻngra bu maʼlumotlar elektron yoʻl bilan davlat xizmatlari markaziga yuboriladi. Bu yerda ariza beruvchining soʻroviga koʻra nafaqat tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani, balki bir martalik ijtimoiy nafaqa va chaqaloqni poliklinikaga roʻyxatga qoʻyish bilan bogʻliq masalalarni ham hal qilish mumkin boʻladi.
Soʻrov olinganidan soʻng davlat xizmatlari markazlari maʼlumotlarni zudlik bilan FHDYO va Pensiya jamgʻarmasiga joʻnatadi. FHDYO bolaning tugʻilganligini qayd etadi va davlat xizmatlari markaziga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etadi, Pensiya jamgʻarmasi esa bir martalik ijtimoiy nafaqani belgilaydi, barcha maʼlumotlar olinganidan keyin bir ish kuni davomida ota-onaning arizada koʻrsatilgan bank raqamiga mablagʻ oʻtkazadi. Xuddi shunday poliklinikalar ham elektron shaklda zarur maʼlumotlarni olib, jajji fuqaroning salomatligini nazoratga oladi.
Shuningdek, Nukus shahrining eksperimental deb ataluvchi davlat xizmatlari markazlari va Qoʻngʻirot tumanining davlat xizmatlari markazlari yoshga doir davlat pensiyasini rasmiylashtirish boʻyicha xizmatlarni ham koʻrsatadi.
Hozirda pensiyaga chiqish jarayoni idorama-idora yugur-yuguru qogʻozbozlikdan iboratligini koʻpchilik taʼkidlaydi. Boʻlajak pensionerlar idorama-idora yugurib, arxivlarda navbat turib, mehnat stajini tasdiqlovchi turli xil maʼlumotlarni yigʻib, bu jarayonga bir necha oy oldindan tayyorlanadilar.
Tabiiyki, “birlashgan” xizmatlar bittagina hujjatni toʻldirib, turli idoralarning xizmatlarini bir joydan olish imkoniyatini beradi. Qulaylik (turli idoralarda navbat kutishga barham beriladi), vaqtni va mablagʻni tejash, sifat – bularning bari mana shu xizmatlarga xos belgilardir.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda davlat xizmatlari markazlarida 70 tadan ziyod xizmatlarni olish mumkin, viloyat markazlaridagi eksperimental markazlarda esa 100 dan ziyod xizmatlar koʻrsatiladi.