O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish tartibi qonun bilan belgilanadi
2019-02-20 | Saylov
Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab davlat boshqaruvida, xususan Prezident lavozimi, Oliy Majlis hamda mahalliy vakillik organlarini demokratik saylovlar asosida shakllantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur jarayon milliy tajriba va xalqaro andozalar asosida islohotlarning borishi, jamiyatda siyosiy-huquqiy ongning oʻsishiga mos tarzda bosqichma-bosqich rivojlanib, yuksalib bormoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan ilk Murojaatnomasida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish masalasi kun tartibiga qoʻyilgan edi.
Oʻtgan davr ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi vakillari hamda boshqa mutaxassis va ekspertlar, shuningdek jamoatchilik vakillari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18 fevral kuni boʻlib oʻtgan majlisida qabul qilindi.
Saylov kodeksi 5 ta amaldagi qonunlarni oʻzida mujassam etgan. Bu esa uni amaliyotda qoʻllashda, fuqarolarimiz uchun saylovga oid qoidalarni toʻliq oʻzlashtirishda qulaylik tugʻdiradi hamda qonunchilikdagi ortiqcha takrorlanishlarning oldini oladi.
Taʼkidlash lozimki, Kodeks faqatgina sohadagi qonunlarni oʻzaro jamlash bilan cheklanmaydi. Unda demokratik tamoyillarni oʻz ichiga olgan qator yangiliklar kiritildi. Misol uchun:
- Qonunchilik palatasida deputatlik oʻrinlari uchun Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlandi;
- Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish tartibi qonun bilan belgilandi;
- muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish maqsadida “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlandi;
- siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishi mumkinligi belgilandi;
- ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati aʼzolarini saylash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bekor qilib, bu masalani qonun darajasida belgilandi;
- ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi;
- tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, yaʼni – ularni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi koʻrsatildi.
Bu kabi yangi demokratik normalarni Kodeksda yana koʻplab sanab oʻtish mumkin.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Kodeks keng jamoatchilik oʻrtasida beshta yoʻnalishda muhokama va ekspertizadan oʻtkazildi.
Xususan, Internet muhokamasi, yaʼni ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan qilingan muhokama; fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik ekspertizasi; ilmiy ekspertiza; bevosita amaliyotchilarning fikr-mulohazalari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan oʻtkazilgan ekspertizalar shular jumlasidandir.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Saylov Kodeksining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlik guruhi aʼzolari, Markaziy saylov komissiyasi, ilmiy muassasalar vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari xodimlari ishtirok etdi.
Muhokamalar jarayonida tadbir ishtirokchilari kodeks ustida tizimli ishlar olib borilganini taʼkidlab, ayniqsa jamoatchilik muhokamalari davomida berilgan taklif va tavsiyalarni deputatlar tomonidan inobatga olinganini alohida eʼtirof etishdi.
Jumladan, hujjatda saylov jarayonida mahalliy ijroiya hokimlarining ishtirokini yanada qisqartirishga qaratilgan normalar kiritilgani, siyosiy partiyalar tomonidan saylovlarda oʻzining vakolatli vakilini tayinlashda yanada qulay sharoitlar yaratilgani, unda ishlatilgan termin va atamalar birxillashtirilgani, Kodeksdagi havolaki normalar chiqarib tashlangani ishtirokchilar eʼtiborida boʻldi.
Tadbir davomida jamoatchilik vakillari, jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda ular Kodeksni amaliyotda qoʻllashda kelib chiqishi mumkin boʻlgan ayrim masalalarni oldindan hal etish boʻyicha takliflar berdi. Xususan, mazkur Kodeksning qabul qilinishi bilan boshqa qonunlarga ham oʻzgartirishlar kiritish lozimligini jamoatchilik vakillari taʼkidlab oʻtishdi.
Kelib tushgan takliflar asosida tashabbuskor ishchi guruhi aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boshqa deputatlari oʻz oldilariga Kodeksni amaliyotga tatbiq etishga oid chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni rejalashtirib oldi.