O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy Osiyoda hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslari umummintaqa manfaatlariga xizmat qiladi
2019-02-20 | Siyosat
Toshkentda 19 fevral kuni “Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish doirasida oʻtkazilayotgan tadbir Tashqi ishlar vazirligi va BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda Afgʻoniston, AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Eron, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Isroil, Ispaniya, Qozogʻiston, Kanada, Misr, Xitoy, Koreya, Kuvayt, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Latviya, Malayziya, Niderlandiya, Pokiston, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tailand, Turkiya, Vengriya, Ukraina, Oʻzbekiston, Finlyandiya, Fransiya, Shvetsiya, Yaponiya davlatlaridagi tahliliy markazlarning 100 dan ziyod vakillari ishtirok etmoqda.
Anjumanda Yevropa Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Arktika maslahatlashuv kengashi mintaqaviy tuzilmalari, shuningdek, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa investitsion banki va boshqa xalqaro moliya institutlaridan qatnashchilar tashrif buyurgan.
Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatida tinchlikparvarlik, manfaatli va ishonch ruhidagi sheriklik tamoyillari ustuvor hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq mamlakatimizda oʻzaro manfaatlarni hisobga olish asosida xorijiy davlatlar, eng avvalo, qoʻshni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratilishini qayd etgandi.
Bu kabi maqsadlar 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida oʻz ifodasini topgani mamlakatimizning ochiq, doʻstona va pragmatik siyosatdagi qatʼiy pozitsiyaga sodiqligiga yana bir dalildir. Unda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosiy faoliyat yuritish, ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish kabi masalalar ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangan.
Oʻtgan qisqa vaqtda mintaqa davlatlari oʻrtasida ishonch darajasi sezilarli oshdi. Qoʻshni mamlakatlarga safarlar, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afgʻoniston Prezidentlarining mamlakatimizga tashriflari natijasida mintaqada savdo aloqalari faollashdi, hududlararo hamkorlik boʻyicha manfaatli yechimlar topilib, transport kommunikatsiyalari imkoniyatlarini muvofiqlashtirish, Davlat chegaralarini demarkatsiya va demilitatsiya qilish boʻyicha muloqotlar faollashdi.
Samarqandda 2017 yilning noyabr oyida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjuman natijasida 2018 yilning 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni taʼminlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda yakdil qarashlarga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo energiya va mineral resurslarga boy, madaniy-gumanitar va ulkan inson kapitaliga ega. Shu bilan birga, mintaqa uchun xalqaro terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar savdosi tahdidi mavjud. Koʻp yillardan buyon Afgʻonistonda davom etayotgan mojarolar davrimizning murakkab muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Afgʻonistonda tinchlikka erishish esa Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlashning muhim shartidir.
Shu maʼnoda, bugun Oʻzbekiston Afgʻoniston mojarosini hal etishdagi xalqaro saʼy-harakatlarning sezilarli kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etgan holda, yaqin qoʻshni mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy infratuzilma loyihalariga jalb qilishga qaratilgan intilishlarni davom ettirmoqda.
Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvlarini doimiy oʻtkazish tashabbusi mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Davlatimiz rahbari Ostonada oʻtgan ushbu formatdagi ilk uchrashuvda soʻzlagan nutqida eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha keng fikr almashish, ular boʻyicha umumiy pozitsiyani kelishib olish zarurligini taklif etdi. “Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi zaxira va amaliy mexanizmlarni izlash kerak”, deb taʼkidlagan edi davlatimiz rahbari.
“Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusida oʻtayotgan xalqaro konferensiya shu boradagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, umumiy yondashuvlar ishlab chiqish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya mintaqa va dunyoning qator davlatlari, xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Anjuman ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar, investitsiyaviy munosabatlarda ijobiy dinamika kuzatilayotganini, bu esa dunyodagi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga bevosita taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.
Qirgʻiziston Respublikasi strategik tadqiqotlar milliy instituti direktori Kuvanichbek Shadibekov Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzaro manfaatli kelishuvlarni amalga oshirish tashabbuslari mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlab, xalqlarimiz turmush darajasini oshirish va xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozogʻiston strategik tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Sanat Kushkumbayev tarixiy, geografik, iqtisodiy, demografik jihatdan Markaziy Osiyo markazida joylashgan Oʻzbekiston tomoni saʼy-harakatlari sabab chegara, savdo, energetika, suv resurslari boʻyicha faol muloqotlar olib borilayotganini qayd etdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori oʻrinbosari Parviz Muhammadzoda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya oʻta dolzarb masalalarga qaratilgani va oʻz vaqtida ilgari surilganini taʼkidladi.
Turkmaniston Moliya va iqtisodiyot vazirligi vakili Iskander Orazov konferensiya koʻp tomonlama fikr almashish, oʻzaro muvofiq yondashuvlar ishlab chiqish va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay imkoniyat ekanini bildirdi. Tadbirning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ahamiyatini yuqori baholadi.
Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili ofisi mutaxassisi Favziya Aral Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Afgʻoniston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarni faollashtirish, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va iqtisodiy rivojlanishga erishish borasidagi intilishlari oʻz natijalarini berayotganini qayd etdi. Bugungi yirik anjuman ham tomonlarning barcha yoʻnalishlardagi hamkorligini yuqori bosqichga olib chiqishda yana bir muhim qadam ekanini taʼkidladi.
Xalqaro konferensiya shuʼba majlislarida davom etdi. Ularda savdo, iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, xavfsizlik, ekologiya, energetika, turizm sohalarida aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Taʼlim, fan yoʻnalishlaridagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi, ilgari surilgan dolzarb tashabbuslar keng muhokama etildi.
Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish mintaqada erkin savdo tartibini samarali joriy etish, bojxona va chegara tartib-qoidalarini soddalashtirishga bevosita bogʻliq ekani qayd etildi.
Anjuman ishtirokchilari mintaqa mamlakatlarining ishonch ruhidagi maslahatlashuvlarini ijobiy baholab, bu ishlarni davom ettirish savdo, iqtisodiyot, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda tashabbuskori Oʻzbekiston tomoni boʻlgan BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash yuzasidan fikr almashildi.
Mintaqa davlatlarining dengiz portlariga va xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beradigan transport va logistika tizimlarini yaratish, mavjud turistik imkoniyatlardan samarali foydalanish hisobiga sayyohlik sohasining iqtisodiyotdagi ulushini oshirib borish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Konferensiyaning birinchi kunida “Savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlik”, “Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash”, “Ekologiya va energetika, suvdan oqilona foydalanish”, “Turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar” mavzularida shuʼba majlislari oʻtkazildi. Mamlakatimiz va xorijlik olimlar, nufuzli ekspertlarning tahliliy maʼruzalari tinglandi va muhokama qilindi.