Qashqadaryo viloyatiga Kuvayt davlatining “Al-Bader International Development Co.W.L.L.” koʻp tarmoqli xalqaro kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashqi iqtisodiy siyosatni erkinlashtirish izchil islohotlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Oʻtish davri iqtisodiyoti masalalari yechimini tezlashtiradi. Bunday erkinlashtirishning asosiy shakllaridan biri mamlakatga xorijiy investitsiyalar kirib kelishini kengaytirishdir.
Aytish joizki, ushbu kompaniya Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika davlatlarida mehmonxona, uy-joy va boshqa qurilishlar, tibbiyot majmualari barpo etish, zamonaviy informatsion texnologiyalar ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda faoliyat koʻrsatadi. Mazkur investor yurtimizda faoliyat yuritayotgan “InvestMe” investitsion konsalting kompaniyasi taklifi bilan kirib kelmoqda.
– Kompaniyamiz yirik loyihalarni amalga oshiruvchi investorlarni yurtimizga jalb qilish bilan shugʻullanadi, – deydi “InvestMe” investitsion konsalting kompaniyasi rahbari Sh.Mamajonov. – Ushbu investorni ham yurtimizga jalb qilish orqali koʻplab yirik loyihalarni amalga oshirish moʻljallanmoqda. Kompaniya vakillari yurtimizga 30 milliard dollar miqdoridagi investitsiya kiritishni rejalashtirayotgan boʻlsa, uning 10 milliardi Qashqadaryo viloyatiga ajratilishi koʻzda tutilgan. Shu bois, bugun kompaniya vakillari ilk tashrifini Qashqadaryo viloyatidan boshladi. Viloyatda investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun yuksak salohiyat mavjudligi investorlarga manzur boʻlmoqda.
Delegatsiya vakillari viloyat hokimligida tashkil etilgan koʻplab investitsion loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Ularning ayrimlariga qiziqish bildirdi.
Shundan soʻng viloyat hokimi Z.Roʻziyev investorlarni qabul qildi. Kelajakda viloyatda investitsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etish borasida muzokaralar olib borildi. Muhokamalar chogʻida asosiy eʼtibor yuqori xarajatli davlat loyihalariga, xususan, ekoturizm doirasida mehmonxonalar, tunnel, kanatka, yoʻl qurilishi va ishlab chiqarishga moʻljallangan katta zavod-fabrikalar barpo etilishiga qaratildi. Taʼkidlash joizki, viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish borasida keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻlmas Barotov, OʻzA