O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mehmonxona xizmatlarini taqdim etadigan tadbirkorlik subyektlari guvohnomasiz mahalliy pivo va tabiiy vinolar mahsulotlarini realizatsiya qilishi mumkin
2019-02-19 | Iqtisodiyot
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyot va Turizm tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida ular faoliyatining meʼyoriy-huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda. Sohada mehmonxona xizmatlarini taqdim etadigan tadbirkorlik subyektlariga zamon talablariga mos xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklanmoqda.
Joriy yilning 5-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4095-sonli qarori qabul qilingan edi.
Qarorning tegishli bandida mehmonxona xizmatlarini taqdim etadigan tadbirkorlik subyektlariga yanada qulaylik yaratish maqsadida mehmonxonaga tegishli boʻlgan va uning ichida joylashgan alkogol mahsulotlari sotuvi bilan shugʻullanadigan har bir chakana savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish obyektlari (bar, mini-bar, kafe, restoran) uchun alohida ruxsat guvohnomasi; olish talablari bekor qilingan edi.
Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 5-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5656-sonli farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjatda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Mahalliy vinochilik mahsulotlarini respublikada, jumladan xorijiy sayyohlar oʻrtasida ham ommalashtirish maqsadida mehmonxona xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatishda bir qator yengilliklar yaratildi.
Xususan, Farmonda mahalliy pivo mahsulotlari, koʻpiklanadigan va tabiiy vinolarni realizatsiya qilish barcha savdo korxonalari, shuningdek, mehmonxonalar xizmatlarini hamda alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqini beruvchi ruxsat etish guvohnomasi boʻlmasdan turib umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi tartibi belgilab berildi.
Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarining taʼlim, sport va diniy muassasalardan toʻgʻri chiziq boʻyicha ikki yuz metrdan ortiq radiusda joylashgan savdo obyektlarida, shuningdek, umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlarida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.