O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Big Idea Challenge – innovatsiyalar tanlovi
2019-02-19 | Innovatsiya
18-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Britaniya kengashi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda London Metropoliten universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Big Idea Challenge” startap loyihalar tanlovining 2chi bosqichiga start berildi.
Mazkur tanlov oliy taʼlim tizimida talabalar oʻrtasida faol kreativ tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab quvvatlash va ushbu jarayonda xalqaro hamkorlikni keng targʻib qilish maqsadida oʻtkazilayotgani ahamiyatlidir.
Tanlovning birinchi bosqichi 2018-yilning oktabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “INNOWEEK” innovatsion gʻoyalar haftaligida ochib berilgan edi. Shundan soʻng 3 oy davomida London Metropoliten universiteti va mahalliy OTM vakillari tomonidan talabalar uchun gʻoyalarni shakllantirish oʻquv tadbirlari (vorkshop) oʻtkazildi va kreativ tadbirkorlik tushunchalari keng targʻib qilindi.
Talabalar uchun koʻrik tanlov haqida toʻliq maʼlumot berish maqsadida Britaniya Kengashi mutaxassis trenerlar yordamida bir nechta oliy taʼlim muassasalarida 2018-noyabr –2019-yanvar oylarida “Big Idea Challenge” treninglarini tashkil etib kelmoqda. “Big Idea Challenge” treningi orqali 2019-yilning yanvar oyining oxirigacha 14 ta oliy taʼlim muassasalaridagi 900ga yaqin talabini qamrab olindi. Joriy yilning 1-fevraliga qadar 230 nafar talabalar jamoalari tomonidan ishlangan loyihalar onlayn tarzda qabul qilindi va shulardan 23 nafari 2-bosqich uchun tanlab olindi. 18-19-fevral kunlari boʻlib oʻtadigan tadbirda yosh tadbirkorlar oʻz loyihalarining video taqdimotlarini tayyorlaydilar va onlayn ovoz berish yoʻli orqali eng yaxshi loyihalar tanlab olinadi.
Mazkur koʻrik-tanlov “Ijtimoiy sohada innovatsiya” yoʻnalishida yangi innovatsion va biznes gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Tanlov ishtirokchilari yashab turgan hudud (shahar, tuman, qishloq, mahalla)da jamiyatga foyda keltiradigan innovatsion loyihalar bilan ishtirok etishlari lozim, mamlakatimiz hududi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar va ehtiyojlarga ijtimoiy, atrof-muhit hamda jamiyatga foydali boʻlgan gʻoyalar orqali oʻz yechimini topish kerak.
Hozirgi kunda London Metropoliten Universiteti tomonidan tashkil etilgan ushbu loyiha ommalashgan boʻlib, startap va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydigan yagona dastur sanaladi.
Tanlov dasturining ahamiyatli tomoni shundaki, unda ishtirok etish va bosh mukofot olishdan tashqari yoshlar tanlovning har bir bosqichida oʻquv treninglarida taʼlim oladilar. Shunday qilib ular oʻz biznes gʻoyalarini rivojlantirib, ustidan ishlash imoniga ega boʻlishadi. Ishtirokchilar boshqa mamlakat talabalari bilan hamkorlikda loyihalarda ishtirok etish yoʻli bilan innovatsiyalar va tadbirkorlikning xalqaro amaliyoti bilan tanishib, ingliz tili bilimini mustahkamlaydilar.
Hakamlar hayʼati tomonidan aniqlangan yagona gʻolib jamoa 2019-yil 9-may kuni Londonda boʻlib oʻtadigan taqdirlash marosimida onlayn ravishda /yoki bir vakil tomonidan ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi, hamda 2019-yilning iyul oyida London Metropoliten Universitetida boʻlib oʻtadigan bir haftalik - “launch pad” treningida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.