Belarus poytaxti Minsk shahrida 26-xalqaro kitob koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Unda dunyoning 36 mamlakatidan 150 dan ortiq nashriyot oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Eʼtiborlisi, mazkur koʻrgazmada oʻzbekistonlik noshirlar birinchi marta ishtirok etdi. Tafsilotlar haqida “Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.
– Bu koʻrgazmada Oʻzbekistondan birinchi marta “Sharq“ nashriyot-matbaa AK, “Mashhur-press” nashriyoti va “Sharq ziyokori” kitob savdo markazi vakillari ishtirok etdi. Koʻrgazma oʻzining koʻlami, miqyosi bilan mashhur. Aytish kerakki, ushbu tadbir doirasida Oʻzbekiston uchun alohida tayyorlangan dasturga koʻra, Belarus Axborot vazirligida boʻldik. Shuningdek, mamlakatdagi 10 ga yaqin yetakchi nashriyotlar muharrirlari, mutaxassilar bilan suhbatlashib, tajriba almashdik.
Minsk shahri markazidagi “Drujba” kitob doʻkonida oʻzbek adiblarining “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati va “Mashhur-press” nashriyoti tomonidan chop etilgan kitoblar burchagi tashkil etildi. Yakub Kolas nomidagi nashriyot-matbaa kombinatida boʻldik. “Sharq ziyokori” kitob savdo markazi bilan Belarus markaziy kitob idorasi “Belkniga”, “Drujba” kitob doʻkoni oʻrtasida hamkorlik qilishga kelishib olindi. “Belarus ensiklopediya nashriyoti” bilan hamkorlik shartnomasini imzoladik. Kompaniyamiz nomidan belaruslik oʻquvchilarga yangi kitoblar sovgʻa qildik. Shoir va yozuvchilar ishtirokidagi tadbirlarda belarus shoirlarining oʻzbek tiliga oʻgirilgan sheʼrlari oʻqib eshittirildi.
Shu oʻrinda, hayajonli bir voqeani aytsam. Belarus doʻstlarimiz Ikkinchi jahon urushi vaqtida bu zaminda halok boʻlgan 1000 dan ortiq oʻzbek oʻgʻlonlarining xokini topgan va ularning ism-familiyasini ham aniqlagan. Albatta, biz belarus doʻstlarimizga minnatdorlik va ehtirom bildirdik. Mana shu bobolarimiz nomi bitilgan kitobni hamkorlikda belarus va oʻzbek tillarida chop etishga kelishib oldik.
Bu adabiy doʻstligimizning tag zamini bor albatta. Ardoqli belarus shoiri Yakub Kolas Ikkinchi jahon urushi vaqtida Oʻzbekistonga kelib istiqomat qilgan. Farzandlari shu yerda maktabda oʻqigan. Biz Yakub Kolasning oʻgʻli bilan koʻrishib, uning Oʻzbekiston haqidagi iliq xotiralarini eshitdik.
Koʻrgazma doirasida har kuni ijodiy uchrashuvlar oʻtkazildi. Bu uchrashuvlarda xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy, adabiy doʻstlik aloqalari yanada mustahkamlanib borishi taʼkidlandi.
Ozoda Bekmurodova, OʻzA