Toshkent davlat stomatologiya instituti har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan A.I. Yevdokimova nomidagi Moskva davlat tibbiyot va stomatologiya universiteti tomonidan Butun Rossiya stomatolog talabalar olimpiadasida muntazam ishtirok etib keladi. Ushbu tadbir har bir talabaning oʻqish davomida olgan bilim va koʻnikmalarini namoyish etish imkonini beradi. Olimpiada koʻlamiga koʻra Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlarini qamrab olgani eʼtiborga molik.
Joriy yilda tashkil etilgan olimpiadada ham MDH davlatlarining 45 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari talabalari ishtirok etdi. Eʼtiborga molik jihati, unda stomatologiyaning barcha yoʻnalishlari qamrab olingan. Olimpiada doirasida ishtirokchilar uchun seminarlar tashkil etilib, tish kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va davolash borasidagi yangi texnologiyalar namoyish qilinadi.
2017 yilda oʻtkazilgan olimpiadada ham 50 ga yaqin oliy oʻquv yurtlari orasida Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari chempion boʻlishgan edi. Bu safar ham oʻzbekistonlik talabalar bilim va mahoratlarini yaxshi namoyish etishdi. Institutning 5-kurs talabasi Sardor Xaytmetov olimpiadaning mutlaq gʻolibi boʻlgan boʻlsa, Farrux Mingboyev va Boburjon Hamidov ikkinchi oʻringa sazovor boʻlishdi.Shu tariqa Toshkent davlat stomatologiya instituti oʻtgan uch yil ichida stomatologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlashda ikkinchi bor xalqaro darajada tan olindi.