O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston – Germaniya: madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollari

2019-02-11 | Madaniyat

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida 8 fevral kuni “Oʻzbekiston – Germaniya madaniy-gumanitar hamkorligining dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda tegishli vazirlik va idoralar, Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmalarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
 
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari K.Eshonxoʻjayev, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi G.Overfeld va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanini taʼkidladi.
 
– Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasida fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik uzoq yillik tarixga ega, – dedi Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld. – Keyingi paytlarda fan, madaniyat, oliy taʼlim, umumtaʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, til oʻrganish, madaniy yodgorliklar va qadriyatlarni tiklash kabi yoʻnalishlarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanmoqda.
 
Davra suhbatida maktab taʼlimida nemis texnologiyalaridan samarali foydalanish, jumladan, “Maktablar: kelajak sheriklari” (PASCH) tashabbusini amalga oshirish, ikki xalq oʻrtasida madaniy aloqalarni kengaytirish istiqbollari boʻyicha ham fikr almashildi.
 
Bugungi kunda yurtimizda 19 mingga yaqin talaba nemis tilini oʻrganmoqda. Umumtaʼlim maktablarida faoliyat koʻrsatayotgan nemis tili oʻqituvchilari 3 mingdan ziyod. 800 dan ortiq oʻzbekistonlik talaba va ilmiy tadqiqotchi Germaniya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Ilgʻor xorij tajribasini oʻrganish, turli sohadagi zamonaviy texnologiyalarni Oʻzbekistonda joriy etishni oʻz ichiga oluvchi shu kabi imkoniyatlar tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Germaniya akademik almashuvlar xizmati, Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmalar vakolatxonalari, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasining xalqaro hamkorlik boʻyicha instituti tashkilotlari tomonidan yaratilmoqda.
 
Oʻzbekistonda yashovchi nemis millatiga mansub fuqarolarning “Vidergeburt” madaniyat markazi, Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlaridagi nemis madaniyat markazlari ham madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
 
Muloqotda tomonlar Oʻzbekiston – Germaniya madaniy-gumanitar hamkorligi istiqbollari boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini berdi.
 

Malohat Husanova, OʻzA

Поделиться