Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida Shahrisabz shahriga infotur tashkil etildi.
Gid boshchiligida Shahrisabaz markaziy obidalari bilan tanishayotgan ishtirokchilar oʻtgan yilning sentyabr oyida ochilgan maqom muzeyiga ham borishdi.
Muhtasham va koʻrkam binoning birinchi qavatida ekanamizdayoq musiqa sadolari yangrab turardi. Ikkinchi qavatning foyesida maqom kuylari chalayotgan sozandalar va milliy libosda xirom etayotgan raqqosani koʻrdik.
Foyening oʻng tarafida sapol va chinnidan milliy hunarmandlarimiz tayyorlagan choynak, piyola, lagan kabilar oʻzining jilosi bilan koʻzlarni qamashtiradi. Oʻng tarafda esa juda ham koʻrkam zalda barcha milliy musiqa asboblari, milliy liboslar va kitoblar joylashtirilgan. Shuningdek, maqom sanʼati tarixi haqida qimmatli maʼlumotlar beruvchi fotosurat va hujjatlarni ham bu yerda uchratasiz.
– Muzeyimiz xorijdan kelayotgan sayyohlarga juda manzur boʻlmoqda, –deydi muzey nazoratchisi Dildora Hotamova. – Yaqinda yaponiyadan kelgan sayyohlar oʻzlarini cholgʻu asbobi kinkodoni bu yerda koʻrib juda quvonishdi. Koreyadan, AQSHdan, fransiyadan koʻplab mehmonlar kelishadi. Bu yerda siz maqomni qanday shakllangani va rivojlangani bilan tanishasiz.
Eng qizigʻi, bu yerda zardoʻshtilik dini bilan bogʻliq ostadonlar ham mavjud. Ularni musiqaga qanday bogʻliq joyin borligi albatta koʻpchilikni qiziqtirdi.
– Ularning bu yerga qoʻyilishiga sabab ostadonlar sirtida chizilgan tasvirlar, – deydi gid Xolmurod Eshmurodov. – Koʻrib turibsiz ularda arfa chalayotgan ayol tasvirlangan. 5-6-asralarga tegishli bu yodgorlikning asl nusxasi Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyida saqlanadi. Agarda musiqachilar tasviri tushirilgan friz eramizdan avvalgi birinchi asrga tegishli va 1937 yilda Surxondaryo viloyatidan topilgan yodgorlikni ham hisobga olsak, maqom u davrlarda ham boʻlgani va ibodatxonalarda tarqalgan degan xulosaga kelish mumkin.
Shuningdek, bu yerda maqomni tizimli ravshda rivojlangani hududlar misolida aks ettirilgan. Ularga tayanadigan boʻlsak, oltinchi asrgacha undagi yoʻnalishlar 12ta boʻlgani, yettinchi asrda Buxoroda bu kuylar birlashtirilib, shash yaʼni olti maqomga asos solingan. Yillar oʻtib, Yunus Rajabiy yigʻilgan kuylarni birinchi boʻlib notaga solgan. Qisqasi, bu yerda maqom sanʼati rivojlangan davrlar haqida barcha maʼlumotlarni olishingiz mumkin.
Bizga Shahrisabzning ming yillik chinorlari, Mirzo Ulugʻbek bobosi qurgan obidadan baland qilib qurishga hijolat boʻlgan Koʻk gumbaz masjidi, 15-asrda Amir Temur qurdirgan Dor ut Tilovot majmuasi va undagi quduq tarixi haqida ham soʻzlab berishdi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA