O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Adliya axboroti”da yangi qonun hujjatlari muhokama etildi
2019-02-11 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazida qonun hujjatlarining jamiyatimiz hayotidagi ahamiyatini aholiga yetkazish boʻyicha “Adliya axboroti” turkumida brifing tashkil etildi.
Unda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati xususida maʼlumot berdi.
Maʼlumki, oxirgi 5 yil davomida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingida Oʻzbekiston jahonning 190 ta mamlakati orasida 146-oʻrindan 76-oʻringa koʻtarildi. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar bazasini va tartibga solish jarayonlarini takomillashtirish, qulay biznes muhitini va xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy nufuzini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrildi.
– Biroq bu boradagi ishlar samaradorligini yaxshilash maqsadida sohalarda hali yana koʻplab tizimli ishlarni amalga oshirish zarur, – deydi Davlat xizmatlari agentligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Adham Barotov. – Mazkur hujjatda qurilishga ruxsatnomalar olishda, mulkni roʻyxatdan oʻtkazishda va tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlari duch kelayotgan ortiqcha byurokratik tartib-taomillar hanuzgacha saqlanib qolayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, “Biznes yuritish” yillik hisobotida mamlakatning reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha choralar koʻrish maqsadida bir qator vazifalar belgilandi. Jumladan, 2022 yilga kelib respublikaning 20-oʻringa erishishini nazarda tutuvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning “Biznes yuritishni yaxshilash – 2022” maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Mazkur hujjatga koʻra, 2019 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda bank hisob raqamlarini masofadan turib ochishi mumkin. Qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari ushbu kengashlarda faqat tarixiy hududlar, shu jumladan, madaniy meros yodgorliklarini qoʻriqlash hududlari, shuningdek, davlat obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalarini saqlab qolgan holda oʻtkaziladi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan yakunlanayotgan joriy hafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Mavzu yuzasidan jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Abdulaziz Musayev, OʻzA