Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamda Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan har ikki yilda bir marta Qoʻqon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkaziladi.
Joriy yilda birinchi marta tashkil etiladigan ushbu xalqaro festivalga Qoʻqon shahrida qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Koʻcha va xiyobonlar obodonlashtirilib, mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish va servis majmualari, turli inshootlar qad rostlamoqda.
Xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimizning ajralmas qismi boʻlgan milliy hunarmandchiligimizni keng namoyish etish, uning noyob namunalarini targʻib qilishda ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur festivalning ahamiyati beqiyos. Shuning uchun ham ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda oʻziga xos hunarmandchilik tarixi, maktabi va uslublari mavjud. Ayniqsa, Qoʻqon azaldan madaniyat va maʼrifat, sanʼat va hunarmandchilik markazi boʻlib kelgan. Ayni kunlarda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hoʻqandi latifda Xudoyorxon oʻrdasi, Jome masjidi, Norboʻtabiy va Sohibzoda Hazrat madrasalari, Modarixon dahmasi va Dahmai Shohon kabi 62 ta madaniy meros obyekti boʻlib, ularda ham taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Festivalga tayyorgarlik ishlari jarayonida har bir madaniy meros obyekti boʻyicha turli tillarda bukletlar tayyorlash, tashrif buyuruvchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 dekabrdagi “Moddiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonasi tashkil etilayotgani, ayniqsa, quvonarli voqeadir.
Shaharda joriy yil avgust oyiga qadar 10 ta yangi mehmonxona foydalanishga topshiriladi, 5 mehmonxona kapital rekonstruksiyadan chiqariladi.
“Hunarmand” uyushmasi Fargʻona viloyati boshqarmasi masʼul xodimi X.Hamroqulovning taʼkidlashicha, shahardagi Usmon Nosir va Navbahor koʻchalari kesishmasida “Hunarmandchilik savdo markazi” tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda. Ushbu hududda 65 ta hunarmandga tanlov asosida yer maydoni boʻlib beriladi va hunarmandlar ustaxonasi va bozori tashkil etiladi. “Hunarmand” uyushmasi Qoʻqon shahar boʻlimi aʼzolari soni bugun 300 nafardan oshdi.
Yogʻoch oʻymakorligi oʻta sinchkovlik, mahorat talab etadigan sanʼatdir. Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabining asoschisi Qodirjon Haydarov hisoblanadi. Ustaning betakror asarlari Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Fargʻona viloyati va Qoʻqon madaniyat tarixi davlat muzeylarida saqlanmoqda. Ustaning shogirdlari ushbu nafis va murakkab sanʼat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Bular sirasiga ustaning nabiralari Mirzausmon, Mirzayunus va Hasanjon Umarovlar, shogirdlari – Oʻzbekiston Qahramoni Abdugʻani Abdullayev, Mansur Jalolov, Nabixon Xushnazarov, Burhon Abdullayev, Rafiq Mahmudov kabilarni kiritish mumkin. Bugungi kunda ustaning yettinchi avlodidan boʻlgan Abdulhakim, Abdulaziz va Abdurahmon Umarovlar ushbu sharafli kasbni davom ettirmoqdalar.
Yogʻoch oʻymakorligi ustasi Otabek Umarov taniqli hunarmand Qodirjon Haydarovning evarasi boʻlib, festival oʻtadigan Oʻrdaoldi majmuasida barpo etish rejalashtirilgan ramziy kirish darvozalari uchun naqshinkor ustunlar tayyorlamoqda.
– Mazkur darvozalar tashrif buyuruvchilarga shahrimiz hunarmandchiligi haqida dastlabki maʼlumot beradi, – deydi O.Umarov. – Otam Mirzayunus Umarov, ogʻa-inilarim Jahongir va Jamshid Umarovlar bilan hozir balandligi 3,5 metr boʻlgan ikkita naqshinkor ustun tayyorlab qoʻydik. Yana ustunlar tayyorlash ustida ishlayapmiz. Bu festivalga bizning tuhfamiz boʻladi.
Festivalda xorijiy davlatlardan ham mahoratli hunarmandlar, amaliy sanʼat ustalari, mutaxassislar, olimlar va faxriy mehmonlar ishtirok etadi. Festival oʻtkaziladigan Oʻrdaoldi maydonining yon-atrofida hunarmandchilik sanʼatiga oid turli koʻrgazmalar uyushtirilib, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, qadimiy hunarmandchilik dastgohlari hamda mahsulot yaratish jarayoni aks etgan, shuningdek, sohaga oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyish qilinishi rejalashtirilgan. Milliy liboslarda koʻrgazmali chiqishlar, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari bayram shukuhini yanada oshiradi.
Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), OʻzA