O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha oʻtkazilgan muzokaralarning birinchi raundi toʻgʻrisida
2019-02-08 | Siyosat
2019-yilning 4-7-fevral kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KSHHB) boʻyicha muzokaralarning birinchi raundi boʻlib oʻtdi.
Tomonlarning nufuzli delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov va Yevropa tashqi faoliyat xizmatining boshqaruvchi direktori oʻrinbosari Lyuk Devin boshchilik qildilar.
Bitim loyihasi tuzilmasi boʻyicha bir xil tushunchaga kelindi va uchta guruhga boʻlinib, hujjat loyihasining barcha boʻlimlari batafsil va konstruktiv ravishda muhokama qilindi va mumkin boʻlgan oʻzaro maqbul qoidalar belgilandi.
Oʻzaro kelishuvga koʻra, Bitim loyihasining savdo qismi boʻyicha ekspertlar uchrashuvlari Oʻzbekistonning tegishli vazirliklari vakillari ishtirokida haftaning oxiriga qadar davom etadi.
KSHHB boʻyicha muzokaralarning ikkinchi raundini Bryussel shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.
Yevropa delegatsiyasining Toshkent shahrida boʻlishi chogʻida “Bosh preferensiyalar tizimi plyus” (“BPT+”) maqomini olishga Oʻzbekiston talabnomasini tayyorlash boʻyicha maslahatlashuvlar, “BPT+” maqomini olishning ustunliklari bilan tanishtirish maqsadida mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillari uchun brifing ham boʻlib oʻtdi.