Adliya vazirligi “Ochiq adliya” (“Open Justice”) dasturi loyihasini ishlab chiqdi. Ayni paytda vazirlik veb-saytida joylashtirilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan mazkur dastur tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga yanada katta eʼtibor qaratilayotgani ifodasidir.
Dastur orqali vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim boʻlgan axborotlar berish koʻzda tutilgan. Aholining huquqiy maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan loyihani amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ham ishlab chiqilgan.
Reja toʻrt yoʻnalishdan iborat boʻlib, unda amalga oshiriladigan tadbirlar, ijro etilish muddatlari hamda ijro uchun masʼullar shuningdek, kutilayotgan natija qamrab olingan.
Jamoatchilik fikrini oʻrganish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, huquq ijodkorligi, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, vazirlik tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, kadrlar zaxirasini shakllantirish, vazirlikka yuklatilgan boshqa vazifa va funksiyalarning bajarilishini tashkillashtirishda shaffoflikni taʼminlash shular jumlasidandir.
Jamoatchilik fikrini oʻrganish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yoʻnalishi boʻyicha bir yilda kamida ikki marotaba Adliya vazirligi markaziy apparatida, Davlat xizmatlari agentligida (markazlarda), adliya organlari va muassasalarida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Bu tadbirlarni amalga oshirilishidan aholini adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan bevosita tanishtirish imkoniyatini yaratish, shuningdek, fuqarolar Adliya vazirligining davlat boshqaruvi tizimidagi oʻrni va roli bilan tanishib borishini yoʻlga qoʻyish kabi natijalar kutilmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan regulations.gov.uz veb-saytida ommaviy muhokama uchun joylashtirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasiga berilgan takliflarga vazirlik nomidan izoh qoldirish shaklida munosabat bildirib borish amaliyotini joriy etish tadbirlari doimiy ravishda amalga oshiriladi. Natijada aholining asossiz noroziliklarining oldi olinadi, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati yuksalishiga koʻmaklashiladi.
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA