O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahsulot sifati – eksportning muhim sharti
2019-02-05 | Jamiyat
Namanganda meva-sabzavot va qishloq xoʻjaligi maxsulotlarini eksport qilishda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlarini joriy etish masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
“Oʻzstandart” agentligi, Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda meva-sabzavot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari, fermer xoʻjaliklari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, xususan, sohaga eng ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar yuqori hosildorlikka erishish, suvni tejash va boshqa sarf-xarajatlarni qisqartishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Prezidentimizning 2018 yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.
– Zimmamizga “Global GAP” xalqaro standartini joriy etish boʻyicha muhim vazifalar yuklatilgan, – deydi Namangan sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi direktori M.Abdullayev. – Seminarda mutaxassis, fermer va tadbirkorlarga xalqaro standartlarni amalga oshirish mexanizmi, qonun-qoidalari boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
Standartlarni joriy etishdagi muammolar va ularning yechimi, eksportbop sabzavot va poliz ekinlari urugʻligini yetkazib beruvchi xorijiy kompaniyalar va ularning Oʻzbekistondagi vakolatli korxona-tashkilotlari haqida maʼruzalar tinglandi.
Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), OʻzA