O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ular ehtiromga loyiq
2019-02-01 | Jamiyat
Mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 yanvardagi farmoyishi bilan Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil etilganining 25 yilligi keng nishonlanmoqda.
Bu vaqt davomida Oʻzbekistonda Afgʻon urushida qatnashgan jangchi-faxriylar va urush nogironlaridagi jarohatlar bilan bogʻliq ruhiy oʻzgarishlarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratildi. Ularni ishga joylashtirish, uy-joy muammosini hal qilish bilan bogʻliq maqsadli dasturlar amalga oshirildi. Bunda Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining hissasi katta.
Avval xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi bayramiga bagʻishlangan tantanali tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Bu tadbirlarda ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasi, MDH davlatlaridan mehmonlar kelgan.
Bugun erta tongdan jangchi-faxriylar, mehmonlar, jamoat tashkilotlari vakillari poytaxtimizdagi Mustaqillik va ezgulik monumenti hamda Motamsaro ona haykali poyiga gul qoʻydi. Vatan himoyasida halok boʻlganlar xotira kitobining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Xotira kitobiga Afgʻon urushida halok boʻlgan 1 ming 500 dan ziyod yurtdoshimizning nomi bitilgan. Taʼkidlanishicha, tez orada Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsion tuzimi va mustaqilligini himoyalashda halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning ismlari ham ushbu xotira kitobidan joy oladi.
– 1984-1986 yillari Afgʻonistonning Qandahor viloyatida harbiy xizmatni oʻtadim, – deydi Namangan viloyati Uychi tumanidan kelgan faxriy Abdurahim Obidov. – Xizmat davomida uychilik oʻn ikki nafar safdoshimizdan ayrildik. Undan soʻng eng yaqin doʻstim, samarqandlik Davron Bobomurodov halok boʻldi. Bugun ularning nomini xotira kitobidan oʻqib, koʻzimdan yosh chiqib ketdi. Ikki yillik harbiy xizmatning har soniyasi xotiramda jonlandi. Marhum doʻstlarimizning pok nomiga qilingan hurmatdan boshimiz koʻkka yetdi. Ularning oila aʼzolari nomidan davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz.
– Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil etilganining 25 yillik bayramida qatnashayotganimdan juda xursandman, – deydi Qirgʻiziston Respublikasining Afgʻon veteranlari birlashma raisi oʻrinbosari Muxtor Toʻxtaoxunov. – Bizni yurtingizda iliq kutib olishdi. Necha yillik qadrdonlarimiz bilan koʻrishdik. Oʻzbekistonda Afgʻon urushi qatnashchilariga, ularning oila aʼzolariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik tahsinga loyiq. Afgʻon tuprogʻida halok boʻlganlarning nomi xotira kitobiga ham muhrlanibdi. Biz safdoshlarimiz xotirasini yana bir bor yod etdik.
Tadbir doirasida jangchi-faxriylar yaratgan buyumlar koʻrgazmasi hamda “Turkiston” sanʼat saroyida konsert boʻlib oʻtdi.
Tadbirda jangchi-faxriylarga “Mehnat faxriysi“ koʻkrak nishonlari topshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov jangchi-faxriylarga, mehmonlarga qimmatbaho Prezident sovgʻalarini taqdim etdi. MDH Hukumat rahbarlari kengashi huzuridagi Jangchi-baynalmilalchilar ishlari boʻyicha qoʻmita oʻzbekistonlik Afgʻon urushi qatnashchilarini taqdirladi.
Taniqli xonandalar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Xurshid Qodirov, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA