O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Tashkent City” loyihasiga qancha kompaniya investitsiya kiritdi?

2019-02-01 | Jamiyat

“Tashkent City”ning qurilish maydoniga jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi. 

Tadbirda “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazida boʻlayotgan qurilish ishlari, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, ayni vaqtgacha erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar xususida soʻzlab berildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizning yangi qiyofasini yaratishga qaratilgan “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishiga asos solingan edi. 

Ayni vaqtda bu yerda mehnat qilayotgan ishchilarning koʻpchiligi Rossiyada ishlab qaytgan malakali quruvchilardir. Shuningdek, oliy maʼlumotli mutaxassislar, muhandislar, soha vakillari ayni jarayonda ishtirok etayapti. Ularning koʻpchiligi bugungi davr talablariga javob beradigan binolar qurishda avval ham qatnashgan. 

Ishchilar uchun xavfsiz sharoit yaratilgan. Birinchi oʻrinda inson salomatligi hisobga olingan. Ishchilar ikki smenada ishlaydi. Dam olish, ovqatlanish uchun qulay sharoitlar mavjud. 

“Tashkent City”da yangi kommunikatsiya tizimlari yaratiladi. Koʻp qavatli binolarni qurishda turli tabiiy ofatlar, zilzila kabi tabiat hodisalariga nisbatan chidamli boʻlgan qurilish materiallaridan foydalanilmoqda. 

Press-turdan soʻng matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayev, ushbu majmua qurilishida ishtirok etayotgan idora va tashkilotlar vakillari, investorlar ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi “Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Tashkent City“ xalqaro ishbilarmonlik hududida davlat unitar korxonasi shaklida obyektlarni qurish va ulardan foydalanish boʻyicha direksiya tuzilgan. Shuningdek, Xalqaro ishbilarmonlik markazining maʼmuriy kengashi tashkil etilgan. 

“Toshkent siti“ loyihasi rejasi “ARUP“ (Buyuk Britaniya), “Tabanlioglu“ (Turkiya), “DPArchitects“ (Singapur) va boshqa yetakchi xalqaro kompaniyalarni jalb qilgan holda ishlab chiqilgan. 

Xorijiy sarmoyadorlarga xayrixohlik bildirilgan holda, 730dan ziyod investor loyihada qatnashish uchun tashabbus bilan chiqdi. Natijada 12 kompaniya ushbu loyihani amalga oshirishga investitsiya kiritadigan boʻldi. Loyiha uchun davlat mablagʻlari jalb qilinmadi. Loyiha 3 yilda jahon standartlariga mos ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Mazkur hududda qurilayotgan ilk obyektlardan biri besh yulduzli mehmonxona va “Kongress xoll”dir. Jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, mehmonxona koʻp yillik va uzoq vaqt davomida xizmat koʻrsatadi va oʻzini oqlaydi. “Kongress xoll”dan esa davlat tadbirlarini oʻtkazish uchun foydalaniladi. 

Bu hududda oldin yashagan aholining fikricha, kanalizatsiya tarmogʻi, ichimlik suvi, elektr uzatishda muammolar boʻlgan. Egri koʻchalar, eskirgan quvurlar aholiga noqulaylik tugʻdirar edi. Bu mahallalarda yashab kelgan fuqarolarga bir joydan koʻp qavatli, barcha shart-sharoitlarga ega uy qurib berilgan. 

Hududdagi 80 gektar maydonda biznes markaz, sanoat parki, savdo majmualari, konferensiya zallari, restoran va madaniy markazlar hamda koʻp qavatli uylar qurilishi boshlab yuborilgan. 

Investorlarga biriktirib berilgan xalqaro ishbilarmonlik markazida sakkizta lotga boʻlingan holda qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. 

“Biznes siti” (“Toshkent siti” namunasida) ishbilarmonlik markazlarini poytaxtimizning har bir tumanida barpo etish yuzasidan ham ishlar boshlab yuborilgan. Hozir uchta ana shunday markaz – “Olmazor biznes siti”, “Yunusobod biznes siti” va “Mirzo Ulugʻbek biznes siti” tashkil etilayotir. Har bir fuqaro, mahalliy va xorijiy kompaniyalar ushbu loyihalarda investor boʻlish imkoniga ega. 

Shahar ichidagi shahar deya eʼtirof etilayotgan “Tashkent City”ning qurilish ishlari avjida. Xorijiy investorlar bilan yurtimizdagi ishbilarmonlar hamkorlikda ish olib bormoqda. Yaqin kelajakda qurilishi yakunlanadigan bu joy mahobatli, koʻrkam shaharchaga aylanishiga shak-shubha yoʻq. 

 

Barno Meliqulova, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA

Поделиться