O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Adliya vazirligining 5 yillik strategiyasi ishlab chiqilmoqda

2019-01-21 | Jamiyat

2019-yilning 19-yanvar kuni Adliya vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hayʼat majlisi oʻtkazildi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligida boʻlib oʻtgan majlisda adliya organlari va muassasalari tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash sohasida 2018-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va joriy yil davomida bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama etildi.

Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan tadbirda adliya organlari va muassasalarining barcha darajadagi rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda asosiy eʼtibor davlatimiz rahbari tomonidan adliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan qator farmon va qarorlarining hisobot davridagi ijrosi, vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalda taʼminlanayotganlik darajasini oʻrganishga qaratildi.

Majlis avvalida Adliya vazirligi tizimidagi yangi lavozimga tayinlanganlar haqida maʼlumot berildi.

2018-yil adliya organlari uchun oʻziga xos tarixiy davr boʻldi. Adliya organlari faoliyatini tubdan isloh qilishga doir 28 ta muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.

Adliya vazirligi tomonidan 280 dan ortiq qonun hujjatlari loyihalari ishlab chiqildi, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 2 barobarga, 2016-yilga nisbatan esa 4 barobarga oshganligini koʻrsatadi.

Qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkazish 
14 foizga oshib 1 889 tani tashkil etdi.

584 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Ushbu koʻrsatkich 2017-yilga nisbatan 21foizga oshgan.

Adliya organlari va muassasalarining 190 nafar xodimi stajirovka oʻtash va tajriba almashish uchun xorijiy davlatlarga yuborildi.

Vazirlik tizimining asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri sifatida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash, ularda koʻtarilgan muammolarga oʻz vaqtida yechim topish hisoblanadi.

Kelib tushgan jami 50 mingdan ortiq murojaatlarning qariyb 37 mingtasi qonuniy hal etildi. Adliya vazirligida tashkil etilgan “Call center” xizmati orqali kuniga 500 dan ortiq murojaatlarga javob berilmoqda.

Adliya organlari va muassasalari tomonidan aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida 86 mingdan ortiq uyma-uy yurib, aholi bilan bevosita suhbatlar qilinib, huquqiy maslahatlar berildi. Tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan tashkil etilgan shaxsiy va sayyor qabullar davomida 16 mingdan ortiq murojaat qabul qilinib, 15 ming 500 tasi qonuniy hal etildi.

Targʻibot tadbirlari, yangicha formatda manzilli va aqlli targʻibot shaklida amalga oshirilmoqda. Oʻtgan davr davomida 219 mingdan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, bu esa 2017-yilga nisbatan 4 barobarga koʻpdir. 100 dan ortiq xalq sayillari, aksiyalar va fleshmoblar oʻtkazildi.

Tuman adliya boʻlimlari tomonidan qishloq joylarda, markazdan olis hududlarda 118 mingdan ortiq targʻibot tadbirlari amalga oshirildi.

2018-yilda 11 mingga yaqin tashkilotlarda huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganilgan, 1 mln 100 ming ta qonunbuzilishlar aniqlangan. Natijada 10 mingdan ortiq taqdimnoma, sudlarga 54 mlrd soʻmlik 13 ming 600 ta daʼvo arizalari, 35 600 ta ogohnoma, 2 400 ta maʼmuriy va 127 ta jinoiy taklif kiritilgan. Taʼsir chorlar natijasida 49 mlrd soʻmlik 14 ming 700 ta daʼvo arizalari qanoatlantirilgan, 6 ming nafar mansabdor shaxs intizomiy, 3 ming 500 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 511 nafar shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida va huquqiy xizmatni sifatini yaxshilash maqsadida qoʻshimcha ravishda 703 nafar notarial idoralar xodimlari shtati joriy etildi. Bu degani, har bir notariusga toʻgʻri keladigan 42700 ta aholi soni 36 400 taga, yaʼni 14 foizga kamaydi. Natijada notariuslar tomonidan harakatlarni joylarga chiqib, sayyor tartibda amalga oshirish 1,8 barobarga oʻsdi. Yana bir yaxshi natija sifatida 53 ta holatdagi hujjat nusxalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilinishi oqibatida notarial harakatlar soni 30 foizga kamaydi.

Yigʻilishda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim adliya organlari va muassasalari tomonidan faoliyatida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar ham tanqidiy tahlil qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, adliya organi xodimlari xatti-harakatlari yuzasidan boʻlayotgan shikoyatlar kamayishiga qaramay, ayrim hududlarda kelib tushayotgan shikoyatlarning soni yuqoriligicha qolmoqda.

2018-yilda 1 308 ta shikoyat kelib tushgan boʻlib, ularning aksariyati Toshkent shahri, Andijon, Namangan va Buxoro viloyatlariga, 82 tasi Davlat xizmatlari agentligiga toʻgʻri kelmoqda.

Adliya vazirligiga 2018-yil davomida notariuslarning harakatlaridan norozi boʻlib kelib tushgan shikoyatlar kamaygan boʻlsada, Qashqadaryo, Namangan va Xorazm viloyatlarida koʻpaygan. Oʻtkazib kelinayotgan “sirli mijoz” tadbirlarida notarial idoralar xodimlari tomonidan aksariyat holatda mehnat intizomini buzish holatlari qayd etildi. Tadbirlar natijasida 7 nafar notarius, 6 nafar notarius yordamchisi, 7 nafar notarius kotibi egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Shuningdek, 234 nafar xodimga nisbatan “hayfsan” va “jarima” intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Bundan tashqari, taʼkidlanishicha, tuman (shahar) adliya boʻlimlarining murojaatlar bilan ishlash sohasini ham qoniqarli deb boʻlmaydi.

Jumladan, Beruniy va Kegeyli tumani adliya boʻlimlari tomonidan shu kunga qadar birorta ham sayyor qabullar tashkil qilinmagan boʻlsa, Shumanay, Shahrisabz, Kattaqoʻrgʻon, Nurafshon shahar, Toyloq, Sayxunobod, Fargʻona, Bogʻdod va Rishton tuman adliya boʻlimlariga sayyor qabullar davomida qabul qilingan murojaatlardan tashqari jismoniy va yuridik shaxslardan toʻgʻridan-toʻgʻri birorta ham murojaat kelib tushmagan.

Tadbirda 2019-yilda amalga oshirilishi belgilangan rejalar xususida ham maʼlumot berildi. Jumladan:

Adliya vazirligining 5 yillik strategiyasi ishlab chiqiladi;

adliya organlari va muassasalarining korrupsiyaga qarshi kurashishning idoraviy dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan;

adliya organlari faoliyatining “Biz xalq uchun ochiqmiz” shiori ostida “Open justice” (“Ochiq adliya”) dasturi doirasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

“Advice.uz” portali ishga tushiriladi hamda “Street law” (Koʻcha huquqi – oddiy huquq) loyihasi yoʻlga qoʻyiladi;

“Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumi oʻtkaziladi.

Majlis soʻngida adliya organlari va muassasalari rahbarlari va masʼul xodimlarining belgilangan vazifa va tadbirlar ijrosini oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq taʼminlash boʻyicha masʼuliyatini yanada oshirish, xalq bilan bevosita muloqot oʻrnatish, oʻz faoliyatida ochiqlik va shaffoflikka amal qilish lozimligi belgilandi.

Поделиться