O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni kengaytiradi
2019-01-21 | Iqtisodiyot
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi tarkibida Hindistonning Gandinagare shahrida boʻlib oʻtgan “Joʻshqin Gujarat” 9-xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etgan edi.
Tashrif asnosida Hindistonning qishloq xoʻjaligi sohasidagi innovatsion texnologiyalari, ilgʻor agrotexnik tadbirlarini yurtimizda joriy qilish, tajriba oʻrtoqlashish maqsadida hamkorlik rishtalari bogʻlandi. Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, muzokaralar natijasida Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov, Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari S.Xodjayev, Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov hamda Gujarat shtatining davlat korporatsiyasi Gujarat Agro Industries Corporation Ltd. rahbari K.S. Randxava agro-klaster tashkil etishga kelishishgan.
Agro klaster qishloq xoʻjaligi ekinlari va baliqchilik mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish, qayta ishlash, yetkazib berish va ularning marketingi bilan shugʻullanadi. Agro-klaster Andijon viloyatida 15-20 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida barpo etilib, keyinchalik respublikamizning boshqa viloyatlariga ham keng tatbiq etilishi kutilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Gujarat paxta, yeryongʻoq, tamaki va shakarqamish yetishtirish boʻyicha Hindistonda yetakchilik qiladi, shuningdek hududda bugʻdoy, turli dukkakli oʻsimliklar, makkajoʻxori plantatsiyalari mavjud. Bundan tashqari Gujarat sut va sariyogʻ, goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi va shakar ishlab chiqarishda ilgʻorligi bilan ajralib turadi.
19-yanvar kuni esa Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Haydarobodning Genom vodiysida faoliyat yuritadigan “Bharat Biotech International” kompaniyasi rahbari Venkatraman Sivaramakrishnan oʻrtasida Oʻzbekistonga vaksinalar ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish hamda yurtimizda yuqori sifatli va arzon vaksinalarni ishlab chiqarish boʻyicha uzoq muddatli hamkorlik qilishga kelishildi.
Hamkorlikning birinchi bosqichida kompaniya rotavirusli diareyaning profilaktikasi uchun qoʻllaniladigan vaksinani hozirda Oʻzbekiston xarid qilayotgan narxdan 50 foiz arzonga yetkazib beradi. Soʻngra Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun xomashyo bilan taʼminlaydi.
Keyinchalik esa tayyor mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi Oʻzbekistonga toʻliq transfer qilinadi. Bunda oʻzbek-hind davlat xususiy sherikligi tashkil etilib, Oʻzbekiston korxona faoliyati uchun zarur yer, koʻchmas mulk, uskunalar bilan ishtirok etsa, hindistonlik hamkorlar vaksina ishlab chiqarish sohasidagi eng soʻnggi nou-xaular, zamonaviy texnologiyalarni bepul taqdim etadilar, texnik ekspertiza, xodimlarni oʻqitish hamda ishlab chiqarishning boshlangʻich bosqichini muvofiqlashtirishni oʻz zimmasiga oladi.