O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston AQSH bilan ekologiya yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik qiladi
2019-01-17 | Ekologiya
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida AQSHning Missisipi shtati universiteti Xalqaro institutining ijrochi direktori Juli Jordon boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.
Uchrashuvda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Majidov boshchiligidagi vazirlik vakillari Missisipi shtati universiteti Xalqaro instituti direktori Juli Jordon, Missisipi shtati universitetining suv resurslari boʻyicha tadqiqot instituti direktori Jeyson Krus, xalqaro institutning loyiha menejeri Brayn Farrel, Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika Kengashining direktori Vagner Keyl Frederiklardan iborat delegatsiya bilan kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot ishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, ekologik inqiroz oqibatlarni yumshatish, mavjud resurslardan oqilona foydalangan holda hududning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatini, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash
maqsadida kiritilayotgan yangi investitsion loyihalar eʼtirof etildi.
Shu bilan birga Orol dengizi hududida vaziyatni barqarorlashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishda malakali kadrlarga ehtiyoj sezilishi taʼkidlandi va AQSHning Missisipi shtati universitetining Xalqaro instituti bilan bu boradagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, ekologiya sohasida malakali kadrlar tayyorlash, oʻrmonchilik, baliqchilik, suv muammolarini oʻrganish kabi tor doiradagi yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash istiqbollari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, AQSHning Missisipi shtati universiteti Xalqaro instituti bilan birgalikda ekologiya va atrof-muhitni himoyalash, suv muammolarini oʻrganishning dolzarb mavzularida ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanishni tashkil qilish, Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni oʻrganish boʻyicha hamkorlikda ilmiy izlanishlarni olib borish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Toshkent davlat agrar universiteti bilan AQSHning Missisipi shtati universiteti Xalqaro instituti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish borasida aniq amaliy harakatlar qilishga kelishib olindi.