O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqand davlat chet tillar instituti Fransiyaning nufuzli Serji-Pontuaz universiteti bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi
2019-01-17 | Ta’lim
Shartnomaga koʻra ilmiy-tadqiqot, oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohalarida yaqindan hamkorlik qilinadi.
Joriy yilning 12-yanvar kuni institutga Fransiyaning Serji-Pontuaz universiteti hamda Versal Akademiyasining taʼlim va pedagogika Oliy maktabi vakillaridan iborat rasmiy delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Samarqand davlat chet tillar instituti bilan Fransiyaning Serji-Pontuaz universiteti hamda Versal Akademiyasining taʼlim va pedagogika Oliy maktabi oʻrtasida uch tomonlama Hamkorlik Shartnomasi imzolandi.
Imzolangan Shartnomaga asosan Serji-Pontuaz Universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti taʼlim, ilmiy-tadqiqot, oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohalarida yaqindan hamkorlik qilishadi.
Shartnomada kelishilgan 2 yil mobaynida: hamkorlikda oʻquv-uslubiy hamda metodik tavsiyalar ishlab chiqish, badiiy adabiyotlarni tarjima qilish, ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish, boshlangʻich va oʻrta taʼlimda faoliyat yurituvchi fransuz tili oʻqituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirish, oliy taʼlimda faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilardan 8 nafari hamda kutubxonachilar, rahbar-xodimlardan 4 nafari, talaba va magistrantlardan 16 nafari, doktorantlardan 4 nafar Fransiyada malaka oshirish kursida ishtirok etishi rejalashtirildi.