O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya Federatsiyasi Ombudsmani bilan uchrashuv
2019-01-17 | Siyosat
2019-yil 16-yanvar kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Rossiya hamkorligini chuqurlashtirish O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvorliklaridan biri hisoblanadi. Rossiya O‘zbekistonning muhim, ishonchli, uzoq muddatli va strategik sheriklaridan biri hisoblanadi.
Bunda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Ikki mamlakat ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda, xalqaro forumlar doirasida aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, O‘zbekiston va Rossiya fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda o‘zaro hamkorlik olib borilmoqda.
Tomonlarning fikricha, Rossiya Federatsiyasi Ombudsmanining bu galgi tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishda yangi omil bo‘ladi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya davra suhbatida ekspertlar va mutaxassislar milliy ombudsmanlar hamkorligiga doir keng ko‘lamli gumanitar masalalarni muhokama qildilar.
Rossiya Ombudsmani va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida imzolangan memorandum shubhasiz inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda tomonlar qayd etganidek, qat’iy siyosiy va iqtisodiy modernizatsiyalashga qaratilgan O‘zbekistonning yangilangan siyosati doirasida davlat boshqaruvi organlarining ochiqligi va oshkoraligini, aholi oldidagi hisobdorligini ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Fuqarolar, siyosiy partiyalar, nohukumat tashkilotlarining siyosiy faolligi tobora oshib bormoqda. Ommaviy axborot vositalari faol va mustaqil faoliyat yuritmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha harakatlar dasturi ishlab chiqildi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili vakolatlarini kengaytirish, BMT konventsiya organlari tavsiyalarini hisobga olish va “milliy preventiv mexanizm” institutini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.