O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi jamoatchilikka hisobot berdi
2019-01-17 | Jamiyat
2019-yilning 16-yanvar kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining 2018-yildagi faoliyati sarhisobi va joriy yildagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda ta’kidlanganidek, o‘tgan yil davomida Qo‘mita tomonidan olib borilgan ishlar mamlakatni demokratik modernizatsiyalash va isloh qilishning yangi shart-sharoitlarida parlament ishini faollashtirish borasida o‘ziga xos tajriba orttirish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochib berdi.
Jumladan, 2018-yilda Qo‘mita tomonidan Oliy Majlis Senatining 14-17 yalpi majlislarida ko‘rib chiqish uchun 20 ta qonun kiritildi. “O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Shartnomani (Samarqand, 2017-yil 10-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”; “O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani (Toshkent, 2017-yil 5-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”; “Umumjahon pochta ittifoqining Ustaviga To‘qqizinchi qo‘shimcha bayonnomani (Istanbul, 2016-yil 6-oktyabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar shular jumlasidan.
Shuningdek, Qo‘mita tomonidan hisobot davrida 5 marta vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining faoliyati yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining faoliyatiga oid va boshqa parlament eshituvlarida Qo‘mita vakolatiga tegishli yo‘nalishlarda davlat idoralari tomonidan olib borilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha tahlil etilib, Qo‘mita xulosasi va tavsiyalari bildirildi.
Hisobot davrida Qo‘mita tomonidan Toshkent shahrida “Iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va mamlakat mintaqalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish: mavjud muammolar hamda ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro konferentsiya, “Yangi innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollari: O‘zbekiston va rivojlangan mamlakatlar tajribasi” deb nomlangan ilmiy-amaliy konferentsiya va boshqa qator tadbirlar tashkil etildi. Ekspert hamjamiyati vakillari va xalqaro miqyosdagi mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan ushbu tadbirlar yakunlariga ko‘ra, tegishli “yo‘l xaritalari” va davlat dasturlariga bir qator takliflar tayyorlandi.
Toshkent shahriga investitsiyalarni jalb qilish - Qo‘mita nazoratidagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Xususan, bu yo‘nalishda Oliy Majlis Senati va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ga muvofiq Senat, tegishli vazirlik va idoralar, kompaniya va agentliklar bilan birgalikda Toshkent shahrida investitsiya loyihalarini tumanlar iqtisodiyotiga kiritish masalasida nazorat ishlari olib borilmoqda. Xususan, o‘tgan yili Olmazor tumaniga 4 ta sektor rahbarlari oldiga har yili o‘z sektori hududida 20 mln. dollardan jami 80 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Yil davomida Qo‘mita tomonidan uning faoliyatiga doir masalalar yuzasidan ilgari surilgan amaliy takliflar va tashabbuslarning yigirmadan ortig‘i hayotga tatbiq etildi.
2018-yilda Qo‘mita tomonidan bu va boshqa yo‘nalishda olib borilgan ishlar joriy, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da ham izchil davom ettirilishi hamda sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqilishi matbuot anjumanida alohida ta’kidlab o‘tildi. Xususan, 2019-yil Davlat dasturida belgilab berilgan faol investitsiya siyosatini amalga oshirish va investorlar ishonchini oqlash, jahon bozorlariga integratsiya qilish va eksportni qo‘llab-quvvatlash, madaniyat, sport va turizmni yanada rivojlantirish kabi qator yo‘nalishlarda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda parlament nazoratining samarali mexanizmlarini qo‘llash Qo‘mita faoliyatining asosini tashkil etadi.
Joriy yildagi rejalar orasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha va Turizmni rivojlantirish masalalari davlat qo‘mitalarining faoliyati yuzasidan axborotlarini eshitish, O‘zbekiston parlament delegatsiyalarining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya hamda Turkiyaga rasmiy tashriflarini amalga oshirish kabi tadbirlar belgilanganligi alohida tilga olindi. Shuningdek, xorijiy parlament rahbarlarining, jumladan Rossiya, Belarus, YeXHT Parlamentlararo Assambleyasi, Ispaniya parlamentlari rahbarlarining mamlakatimizga rasmiy tashriflarini tashkillashtirish, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlarga, jumladan Latviya kabi mamlakatlarga tayinlanayotgan elchilari tomonidan tayyorlangan xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish strategiyalari (“yo‘l xaritalari”) taqdimotlarini eshitish, Qo‘mita vakolatlariga aloqador sohalarda qonun hujjatlarining ijro etilishini o‘rganish kabi ishlar ham joriy yilda yangicha yondashuv asosida amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tildi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari a’zolari jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.