O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
SHHT MATT Ijroqoʻmi direktori bilan uchrashuv
2019-01-15 | ShHT
2019-yilning 15-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining qaroriga binoan 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joylashgan SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Ijroiya qoʻmitasi direktori lavozimini bajarishga kirishgan Jumaxon Gʻiyosov bilan uchrashdi.
Vazir Tojikiston Respublikasi vakilining uch yillik muddatga ushbu lavozimga kirishgani bilan tabrikladi va Oʻzbekiston tomonidan terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashishda aʼzo davlatlar hamkorligini taʼminlash boʻyicha SHHTning asosiy organi hisoblanuvchi MATT faoliyatiga muhim ahamiyat qaratilishini taʼkidladi.
Uchrashuvda tarixan qisqa muddat ichida birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan MATT faoliyatini institutsional rivojlantirish va takomillashtirish borasida ulkan ishlar qilingani, natijada u oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirishga qodir tuzilma sifatida shakllangani qayd etildi.
Suhbat davomida 2019-yilda SHHT MATT doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.