O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnoparki tashkil etilmoqda
2019-01-14 | Texnologiyalar
Axborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi startap-loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targʻib qilishga koʻmaklashish maqsadida Hindistonning ilgʻor tajribasi asosida hamda ushbu mamlakatning yetakchi konsultantlarini jalb qilgan holda, Toshkentda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnoparki tashkil etilmoqda.
2019-yilning 10-yanvarida Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori qabul qilindi.
Quyidagilar Texnoparkning asosiy vazifalari etib belgilangan:
Texnopark rezidentlarini oʻz faoliyatini rivojlantirish uchun zarur boʻlgan yuqori texnologik infratuzilma va zamonaviy laboratoriyalar bilan taʼminlash, ularga moliyaviy, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlari, shuningdek, biznes-akselerator xizmatlari koʻrsatish;
axborot texnologiyalari sohasida yangidan ish boshlagan va kichik korxonalarga startap-loyihalarni amalga oshirishda, innovatsiya faoliyati natijalarini tijoratlashtirishda, jumladan, venchur moliyalashtirish asosida koʻmaklashish;
yetakchi kompaniyalar va mutaxassislar ishtirokida axborot texnologiyalari sohasida mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish.
Loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va Texnoparkning kelgusidagi faoliyatini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi muassisligida Direksiya tashkil etilmoqda.