O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya axboroti: “Soʻrov boʻyicha huquqiy targʻibot” loyihasi amalga oshiriladi
2019-01-14 | Jamiyat
Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish va uning jamiyat hayotidagi ahamiyatini tushuntirish, bu orqali esa fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishni koʻzlab, shuningdek qonun hujjatlarini omma eʼtiboriga sodda va xalqchil taqdim etish maqsadida 2019-yil 11-yanvar kuni navbatdagi “Adliya axboroti” brifingi va matbuot anjumani tashkil etildi.
Brifingda 10 dan oshiq qonun hujjatlari haqida maʼlumot berildi. Jumladan, qatnashchilarga Prezident tomonidan imzolangan “Sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun mohiyati aytib oʻtildi. Kiritilgan oʻzgartishlarga muvofiq, sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha imtiyozlarning bir qanchasi bekor qilingani, maʼmuriy sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod etiladigan toifalar tasdiqlangani haqida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qonun bilan endilikda ishga qabul qilishda propiska talab qilinmaydi. Prezident tomonidan imzolangan mazkur qonunga koʻra, bu borada Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va Mehnat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgani taʼkidlandi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksdan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchini maʼmuriy javobgarlikka tortishga asos boʻluvchi 223-2-modda chiqarib tashlandi.
Qabul qilingan qonun hujjatlardan yana biri mamlakatning turizm salohiyatini takomillashtirishga qaratilgan (Oʻzbekistonda turizmni tezkor rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagiPrezident Farmoni) boʻlib, mazkur farmonga muvofiq 2019-yilning 1-fevralidan 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilinishi yuzasidan axborot taqdim etildi.
Brifing davomida hafta davomida qabul qilingan “Ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”giHukumat qarori kabi qator qonun hujjatlari haqida ham maʼlumotlar berib oʻtildi.
Brifingdan soʻng tashkil etilgani matbuot anjumanida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonining mazmun-mohiyati va uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs – oila ‒ mahalla ‒ taʼlim muassasasi ‒ tashkilot ‒ jamiyat” prinsipi boʻyicha tizimli va uzviy tashkil etilayotgani qayd etildi.
Shu kabi maqsadlarni koʻzlab, Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 1 yanvargacha qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi hamda qoʻshimcha huquqiy maʼlumotlar yetkazish tizimini oʻz ichiga oladigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquqiy internet portali, 2019-yil 1-iyulgacha esa aholiga bepul maslahat berish portalini oʻz ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimi yaratilishi toʻgʻrisida tadbir qatnashchilariga maʼlumot berildi.
Shuningdek, farmon bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi va uning doirasida bolalar uchun maxsus huquqiy portal yaratilishi belgilangani taʼkidlandi.
Portal quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Konstitutsiyani oʻrgatishga doir ilk tushunchalar;
kundalik hayotda qoʻllashga moʻljallangan boshlangʻich huquqiy bilimlar;
huquqiy oʻyinlar, mashgʻulotlar va dasturlar boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar.
Oilada huquqiy savodxonlikni oshiradigan, har bir elementar huquqiy bilimlarni oʻrgatishga qaratilgan va kundalik hayotdagi muhim masalalar yuzasidan huquqiy qoʻllanma bepul tarqatiladi. Bundan tashqari, mahallalarda “Huquqiy axborot kuni” tashkil etiladi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini oʻrganish” va “Inson huquqlarini oʻrganish” maxsus oʻquv kurslarini barcha taʼlim turlari boʻyicha oʻrgatish joriy etiladi.
Yoshlarga orasida “Street law” (Koʻcha huquqi) loyihasini joriy qilish uchun huquqshunos talabalar, yuridik kollejlar oʻquvchilari, nodavlat tashkilotlar vakillaridan iborat koʻngillilar guruhi shakllantiriladi.
Yoshdan kelib chiqib huquqiy savodxonlikning minimal talablari tasdiqlanadi.
Aholini qiziqtirgan huquqiy mavzular yuzasidan “Soʻrov boʻyicha huquqiy targʻibot” loyihasi amalga oshiriladi.
Matbuot anjumanida, shuningdek, hafta mobaynida qabul qilingan muhim hujjatlardan yana biri – Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qarori haqida ham toʻxtalindi. Anjumanga taklif etilgan soha mutaxassislari ushbu qaror bilan Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot instituti negizida Sudyalar oliy maktabi tashkil etilganligi, 2020 yil 1 sentyabrdan sudyalik lavozimlariga faqat Sudyalar oliy maktabida tashkil etilgan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanishini aytishdi.
Matbuot anjumani jurnalistlar, turli soha vakillari va tadbir ishtirokchilarining savol-javoblari bilan davom ettirildi.