O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2019-01-14 | Siyosat
2019-yilning 12-yanvar kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaradj bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi asosiy masalalar koʻrib chiqildi.
Suhbat chogʻida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 30-sentabr – 1-oktabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi va Hindiston rahbariyati bilan oʻtkazgan muzokaralari natijalari Oʻzbekiston-Hindiston muloqotining barcha jabhalariga yangi joʻshqinlik berish uchun ikki mamlakat rahbarlarida siyosiy iroda mavjudligini tasdiqladi.
Vazirlar tomonidan Oʻzbekiston delegatsiyasining “Vibrant Gujarat – 2019” Xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etishi va rejalashtirilayotgan oliy darajadagi muzokaralarning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
2019-yilgi ikki tomonlama tadbirlar yuzasidan fikr almashish doirasida parlamentlar va tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish, tashkil etilgan Oʻzbekiston-Hindiston Ishbilarmonlar kengashi va Toshkent shahridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish markazi maydonida ishbilarmon doiralari va moliya institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qizish bildirildi.
Vazirlar transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan transafgʻon tranzit koridorlarini ochishdan manfaatdorlik izhor etdilar.
Yuqorida qayd etilgan va boshqa mintaqaviy masalalar Samarqand shahrida ochilayotgan Afgʻoniston ishtirokidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvida muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan Hindiston oʻrtasidagi hamkorlikning yangi shakli kooperatsiyani mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, har bir ishtirokchi davlatning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochishiga vazirlar ishonch bildirdilar.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Suhbatda Hindiston Elchisi Vinod Kumar ishtirok etdi.