O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afgʻoniston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2019-01-14 | Siyosat
2019-yilning 12-yanvar kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afgʻoniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan uchrashdi. Salohiddin Rabboniy “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoting birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun nufuzli delegatsiyasi boshchiligida mamlakatimizga kelgan.
Suhbat chogʻida hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy oʻzgarish yuqori baholandi. Taʼkidlanganidek, koʻp qirrali Oʻzbekiston-Afgʻoniston muloqoti ikki mamlakat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasiga asoslangan.
Afgʻoniston TIV rahbari Afgʻoniston hukumatining mamlakatda tinchlik oʻrnatish borasidagi saʼy-harakatlarini izchil qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va kadrlar tayyorlashdagi yordam uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.
Vazirlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanligini tasdiqladilar.
Muzokaralarda oʻzi ishini boshlayotgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining vazirlar uchrashuvi kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. Ushbu shakldagi uchrashuvga Afgʻoniston delegatsiyasi taklif etilgan.
Taʼkidlanganidek, Afgʻonistonning mintaqadagi iqtisodiy, transport va boshqa infratuzilma loyihalariga jalb etilishi afgʻon xalqiga koʻp yillik qurolli mojarolarga tinch muqobil yoʻl mavjudligini his etish imkonini beradi.
Uchrashuvda vazirlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalarni ham koʻrib chiqdilar.
Suhbatda Afgʻoniston Elchisi Sayid Shahobuddin Timuriy ishtirok etdi.