O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zamonaviy bosmaxona ish boshladi
2019-01-09 | Jamiyat
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida bir necha yildan buyon muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan “Zakovat” nashriyot uyi jamoasi yangi yilni yana bir katta qadam bilan boshladi.
Mazkur ijodiy-ishlab chiqarish korxonasi tomonidan taʼsis etilgan “Zakovat”, “Kino plyus TV”, “Interfutbol”, “Intersport” gazetalari mamlakatimiz matbuot bozorida allaqachon oʻz oʻrnini topgan.
Korxona rahbari, tadbirkor Ahadxon Abdulhamidov matbaachilik faoliyatini kengaytirish maqsadida lizing shartnomasi asosida 313 ming 800 dollarga teng zamonaviy bosmaxona va qadoqlash jihozlari keltirib oʻrnatdi. Ayni paytda yangi uskunalarda sinov ishlab chiqarish jarayoni oʻtkazilmoqda. Jumladan, Namangan shahar hokimligining nashri – “Namangan sadosi” gazetasining yangi yildagi birinchi soni shu yerda chop etildi.
– Ushbu biznes-loyihani amalga oshirishdan oldin Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya davlatlarida boʻlib, ilgʻor matbaachilik tajribalarini, shu yoʻnalishdagi yangi texnika va texnologiyalarni oʻrganib qaytdik, – deydi A.Abdulhamidov. – Natijada Hindiston va Xitoydan 11 turdagi bosmaxona uskunalari olib keldik. Toʻrt boʻyoqlik zamonaviy bosish dastgohi bir soatda 60 ming nusxa gazeta bosa oladi. Oʻrnatilgan yana bir yangi dastgohda bosma mashinalariga qolip tayyorlanadi. Keyingisida esa keng hajmdagi – 12 metrli bannerlar tayyorlash mumkin.
Yangi bosmaxona ishga tushirilishi bilan korxonada yana 30 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Bosmaxona toʻla quvvat bilan ish boshlagach, viloyatdagi tahririyatlarning boshqa hududlarga borishiga ehtiyoj qolmaydi.
Akromjon Sattorov, Hotam mamadaliyev (surat), OʻzA