O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha asosiy vazifalar belgilandi

2019-01-09 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda hukumat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Faol investitsiya siyosati – barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilindi.

2019 yilgi Investitsiya dasturiga 16,6 milliard dollarlik 3 mingdan ziyod loyiha kiritilgan. Bu 2018 yildagiga nisbatan 16 foiz koʻpdir. Jumladan, joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard dollar boʻlgan 140 ta ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Videoselektorda mazkur yirik va muhim loyihalarni oʻz muddatida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, xorijiy davlatlar va investorlar bilan faol ish olib borilayotgani natijasida jami investitsiyalarning 25 foizini toʻgʻridan-toʻgʻri chet el sarmoyalari tashkil etmoqda. Xususan, joriy yilda shunday investitsiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 milliard dollar oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan.

Prezident toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni soʻzsiz amalga oshirish, chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish hukumatning eng muhim vazifasi boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Investitsiyalarning asosiy qismini oʻzlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qoʻyib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, toʻqqiz oylikda 70 foizga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bu boradagi vazifalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari boʻyicha tahlil qilindi. Xorijiy investitsiyalar ulushi avvalgi yildagiga nisbatan kamaygan, mablagʻlarni oʻzlashtirish sust tashkil etilgan soha va tarmoqlar koʻrsatib oʻtildi. Yil oxiriga qadar qoʻshimcha sarmoyalarni jalb qilish, ularni toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarga talab yuqori boʻlgan soha va hududlarga yoʻnaltirish, ushbu resurslarning oʻzlashtirilishini nazoratga olish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga hududiy loyihalarni amalga oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shunday ishlar natijasida oʻtgan yili 1 milliard dollardan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirilgan, 133 ta yangi korxona ishga tushirilgan. Biroq, hokimlar va ularning investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari ishni tashkil etishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygani oqibatida Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Fargʻona, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida ayrim obyektlar foydalanishga topshirilmay qolgan.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqish va ijrosini nazoratga olish yuzasidan topshiriq berdi.

Joriy yilda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ishtirokida 209 ta hududiy loyiha amalga oshirilib, 1,9 milliard dollar yoki oʻtgan yildagiga nisbatan 2 barobar koʻp mablagʻ oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Yigʻilishda shu va mamlakatimiz elchilari koʻmagida shakllantirilgan qoʻshimcha loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga respublika idoralari rahbarlari masʼul etib biriktirildi.

Endilikda hududlar va tarmoqlarda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar koʻlamini kengaytirish, ularni amalga oshirishda qatʼiy nazorat mexanizmini oʻrnatish uchun yangi tizim tashkil etilishi maʼlum qilindi. Unga muvofiq:

birinchi – viloyat hokimlari har haftada bittadan tuman yoki shaharga borib, elchilar bilan aloqa oʻrnatgan holda, u yerga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha ishlarni tashkil qiladi. Xuddi shunday, tarmoq rahbarlari ham har haftada bitta viloyatga borib, oʻsha joydagi korxonalari bilan birga amaldagi loyihalarni bajarish va qoʻshimcha investitsiya loyihalari boʻyicha ish olib boradi. Bosh vazir va uning oʻrinbosari elchilar ishtirokida hududlar va tarmoqlarga jalb qilingan xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish holatini muntazam muhokama qilib boradi. Natijalariga qarab, hokimlar va tarmoqlar rahbarlari ragʻbatlantiriladi yoki ularga nisbatan ish haqining 50 foizi miqdorida jarima qoʻllanadi.

Hududlarga biriktirilgan respublika idoralari rahbarlari viloyat hokimlari va elchilar bilan birgalikda har bir tuman (shahar)da toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar holatini oʻrganib, ularning ijrosini jadallashtirish boʻyicha aniq choralar koʻradi. Shuningdek, qoʻshimcha loyihalar boʻyicha takliflar ishlab chiqib, xorijiy investorlarni jalb qiladi.

Ikkinchi – Investitsiya qoʻmitasi hududlar va tarmoqlarning investitsiya loyihalari boʻyicha takliflarini umumlashtirib, samaradorligini baholaydi va yagona elektron “onlayn” bazani shakllantiradi.

Uchinchi – Tashqi ishlar vazirligi hamda hududlarga biriktirilgan elchilar yagona elektron bazaga kiritilgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb etadi.

Toʻrtinchi – Vazirlar Mahkamasi saralab olingan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar bilan tegishli kelishuvlarni rasmiylashtirib, ijrosini nazoratga olish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi loyiha takliflariga investorlarni jalb qilishni yanada faollashtirish uchun har yili barcha hududlarda kamida bir marotaba xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida investitsiya forumlari oʻtkazish, shuningdek, xorijdagi yirik xalqaro investitsiya forumlarida respublikamiz tadbirkorlari ishtirokini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Investitsiya qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligiga joriy yilda hududlarda tashkil etiladigan investitsiya forumlari reja-jadvallarini shakllantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Eng muhimi, investitsiya loyihalarini toʻgʻri joylashtirish kerak. Bu borada investorlarning yagona talabi – loyiha moʻljallangan joy zarur infratuzilma tarmoqlariga ega boʻlishidir. Shuning uchun, kecha urbanizatsiya jarayonini takomillashtirish boʻyicha Prezident qarorini qabul qildik. Bundan asosiy maqsad – infratuzilmasi mavjud va rivojlanishi qulay boʻlgan joylarga investorlar jalb qilish orqali sanoatni tizimli rivojlantirishga erishamiz. Sanoat bor joyda ish oʻrinlari va daromad boʻladi, uy-joylar va ijtimoiy obyektlar, kichik shaharchalar barpo etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yigʻilishida yana bir muhim masala – xorijiy investorlar loyihasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xorijiy investorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Mamlakatimiz tijorat banklari joriy yilda xorijiy banklarning jami 740 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlarini jalb qilishi rejalashtirilgan.

Yigʻilishda uzoq muddatli, past foizli toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy kredit resurslarini jalb etish ishlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ishtirokida ishonchli loyihalar portfelini shakllantirib borish tizimini yaratish masalasi ham muhokama qilindi.

Joriy yilda 84 ta loyiha doirasida xalqaro moliya institutlari va donorlarning 2,7 milliard dollar mablagʻini oʻzlashtirish koʻzda tutilgan. Yigʻilishda bu loyihalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari kesimida tahlil qilinib, ularni oʻz muddatida va sifatli amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Bundan tashqari, 2 ming 800 ta ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlarini qurish va taʼmirlash rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari xalqimizning hayot sifatiga daxldor bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, sogʻliqni saqlash obyektlari, yoʻllar, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha belgilangan ishlarni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi.

Videoselektorda Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosini tashkil etish yuzasidan koʻrilayotgan choralar haqida hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va viloyat hokimlarining hisoboti tinglandi.

Поделиться