O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aeronavtika Federatsiyasi 2 yil ichida nimalarni amalga oshirdi?
2019-01-05 | Jamiyat
6-yanvar kuni Oʻzbekiston Aeronavtika Federatsiyasi tashkil etilganligiga 2 yil boʻladi. Oʻtgan qisqa davr ichida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining koʻmagida Aeronavtika Federatsiyasi juda ham koʻp ishlarni amalga oshirdi:
Federatsiya oʻtgan qisqa vaqt ichida 325 marta yerga bogʻlangan holatda havo sharida yuqoriga koʻtarilishni amalga oshirgan.Parvozlarda jami 2130 dan ortiq kishi ishtirok etgan boʻlib, ushbu koʻtarilishlarda qatnashchilarning 500 nafarini bolalar tashkil etadi. Shuningdek parvozlarda qariyb 200 nafardan ziyod bolalar uylari va kam taʼminlangan oilalar farzandlari va nogironligi bor bolalar (Toshkent, Buxoro, Xiva) qatnashishgan.
17 ta qoʻllar va yuraklar tasvirini yaratish mashqlari amalga oshirilgan.
4 ta toʻy marosimlarida ishtirok etilgan.
Oʻzbekistonning tarixiy joylari ustida 17 ta erkin parvozlar tashkil etilgan.
30 dan ortiq xalqaro va Respublika miqyosidagi tadbirlarda ishtirok etilgan.
Oʻzbekistonning 250 ming nafardan ortiq fuqarosi hayotida ilk marotaba oʻz koʻzlari bilan havo sharini koʻrishga muvaffaq boʻlishgan.
2018-yilda ham Federatsiya uchun muvaffaqiyatli oʻtdi:
2018-yil 5-sentyabrdan 10 sentyabrgacha Federatsiya sportchilari 3 ta xalqaro festivallarda (Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida va Qozogʻiston Respublikasi Shimkent shahrida 2 marta) oʻzlarining chiqishlari bilan ishtirok etishdi;
Shahrisabzda boʻlib oʻtgan 1-xalqaro “Maqom sanʼati“ festivalida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq shahrida boʻlib oʻtgan “Stixiya” 1-elektron musiqa festivalida;
Nogironligi boʻlgan shaxslarning birinchi Xayriya yarmarkasining ochilishida;
Shuningdek, 2018-yilda birinchi marta Shveytsariyalik hamkorlar bilan (Piter Blazer va uning jamoasi) birgalikda tashkil etilgan“Havo sharida Buyuk Ipak yoʻli boʻylab“ ekspeditsiyasi yurtimizda ham oʻtkazildi.
Ekspeditsiyaning natijalari boʻyicha Oʻzbekiston boʻylab sayohatga chorlovchi video-rolik tayyorlandi va 2019-yilga oʻtkaziladigan tadbir taqvimi yaratildi;
Xiva shahrida Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda nogiron va etim bolalar uchun bepul havo sharlarida yuqoriga koʻtarilish tadbiri oʻtkazildi;
Buxoro viloyatida Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda Buxoro kunlari festivali doirasida imkoniyati cheklangan bolalar uchun bepul havo sharlarida yuqoriga koʻtarilish tashkillashtirildi.
Oʻtgan yilda Aeronavtika Federatsiyasi tomonidan yerga bogʻlangan havo sharlarini boshqarish uchun 4 ta uchuvchi tayyorlandi.
Eslatib oʻtamiz: “Aeronavtika federatsiyasi” va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat turizmini rivojlantirish qoʻmitasining tarkibiy qismi boʻlib, faoliyatlari davomida qoʻmita tomonidan institutsional yordam olishadi.