O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2018-12-14 | Siyosat
2018 yil 14 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi.
Majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va markaziy idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.
Senat a’zolari tomonidan ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar davomida huquq-tartibot organlarini yuklatilgan vazifalarni yuksak darajada bajaradigan demokratik tuzilmaga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ichki ishlar organlarining tashkiliy tuzilmasi, tezkor-xizmat faoliyati qayta tashkil etildi, mazkur soha xodimlari aholiga yaqindan xizmat qilishi va xalqqa yaqin bo‘lishi uchun ularning oldiga endilikda mutlaqo yangicha talablar qo‘yildi.
Bunda tegishli tuzilmalarning olisda joylashgan aholi punktlaridagi ishini faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun qo‘shimcha ravishda ichki ishlar organlarining bo‘linmalari va tayanch punktlari tashkil etilib, profilaktika inspektorlarining soni oshirildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi vaqtda barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlarining e’tibori bevosita mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga va aholida huquqbuzarliklarning har qaysi ko‘rinishiga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilmoqda. Bu borada Hududlarda jinoyachilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasining mintaqaviy guruhlari tomonidan aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Bunda har bir sodir etilgan jinoyatni aholi orasida muhokama qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda har oy yakunida xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari oldida ichki ishlar bo‘limlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha 198 nafar o‘rinbosari, mahalla ahli oldida 6 ming 896 nafar profilaktika inspektori amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Mazkur hisobotlarning yakunlari bo‘yicha o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib kelayotgan profilaktika inspektorlari rag‘batlantirildi, xizmat vazifalariga vijdonan munosabatda bo‘lmaganlarga esa intizomiy va ma’muriy jazo qo‘llanildi.
Shunga qaramay, bugungi kunda fuqarolarning ichki ishlar xodimlarga nisbatan ishonchi lozim darajada, deb bo‘lmaydi. Garchi xizmat intizomini buzish holatlari keskin kamaygan bo‘lsa-da, huquqbuzarliklar, fuqarolar bilan munosabatlarda ularga nisbatan qo‘pollik holatlari hamon uchrab turibdi. Shu munosabat bilan senatorlar tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish, huquq-tartibot idoralari xodimlarining mas’uliyatini oshirish zarurati qayd etildi. Ushbu masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axboroti haqidagi hisobotni eshitdilar. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, hokimliklari va kompaniyalari hamda xorijiy sheriklar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida umumiy summasi 6 milliard dollarlik 80 dan ortiq hujjat imzolashda ko‘mak berildi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018 yil noyabr oyining oxiriga kelib, O‘zbekistonning diplomatik missiyalari tomonidan umumiy qiymati 21 milliard dollarlik 372 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.
Xorijiy muassasalar tomonidan O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan qariyb 250 ta taqdimot o‘tkazildi. Diplomatik missiyalar 50 dan ortiq turizm ko‘rgazmasi va yarmarkalarda ishtirok etdi.
Shu bilan bilan birga, vazirlik faoliyatini o‘rganish va tahlil qilish katta foydalanilmagan salohiyat hamda hal etilmagan qator muammo va kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.
Jumladan, idoralararo hamkorlikni ta’minlash muammosi hanuzgacha hal etilmagan, ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni yoki tashriflar yakunlari to‘g‘risida axborot olish imkonini beradigan O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari bilan aniq o‘zaro aloqa mexanizmi mavjud emas, bu esa ikki tomonlama hamkorlikning chinakam holatini bilishni, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha dolzarb tavsiyalar tayyorlashni cheklaydi.
Mamlakatimiz tovarlari eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va turistlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilishda Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar xorijiy muassasalarning takliflari sohaga ixtisoslashgan idoralar va viloyatlar hokimliklari tomonidan uzoq ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq muammoga duch kelmoqda. Bu bir qator muhim ikki tomonlama tadbirlarning majburan bekor qilinishiga yoki ko‘chirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Hokimliklar faoliyatida idoralararo muvofiqlashtirish yetishmasligi, xorijiy sheriklar bilan hamkorlik bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqishga rasmiyatchilik yuzasidan munosabatda bo‘lish saqlanib qolmoqda. Tashrifgacha investorlar bilan masofaviy ishlar olib borilmayapti, hamkorlik shartlari, shartnomalar qiymatlari kelishib olinmayapti. Oxir-oqibat uchrashuvlar aniq shartnomalar va maqsadli bitimlar tuzish o‘rniga hamkorlik to‘g‘risida oddiy memorandumlar imzolash bilan yakunlanmoqda.
Xorijiy muassasalar ko‘p sonli hisobotlar tayyorlash bilan haddan ortiq ko‘p shug‘ullanishi ishlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday holat, ayniqsa xodimlar shtatining cheklanganligi hisobga olinsa, xorijiy muassasalarga diqqat-e’tiborni aniq natijaga qaratish imkonini bermayapti.
Bugungi kunda O‘zbekiston investitsiya salohiyati to‘g‘risidagi chet tillarida sifatli tayyorlangan mazmunan boy materiallar hali ham yetishmasligi kuzatilmoqda.
Senatorlar Tashqi ishlar vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar bildirdilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari 2019 yilgi ish rejalarini tuzishda eksportning importga nisbatan jadal sur’atlarda o‘sishini, shuningdek turistlar oqimi, ayniqsa uzoq xorij mamlakatlaridan turistlar oqimi oshishini ta’minlashi zarur.
Shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning investitsiya va turistik salohiyatini tanitish uchun O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalarning yangi xodimlari uchun respublika hududlariga guruh bo‘lib muntazam tashriflar tashkil etishni amaliyotga joriy etish zarurligi qayd etildi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar Farg‘ona viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini ham eshitdilar.
Qayd etilganidek, 2018 yilda hududni kompleks rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmlari o‘sishi 105,3 foizga yetdi, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 90 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravardan ortiq oshdi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2930 ta kichik biznes sub'yekti faoliyat boshladi va ularning soni qariyb 29 mingtaga yetdi. Ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,5 trillion so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Natijada hududda yangi ish o‘rinlari soni ortmoqda, ularga asosan yoshlar joylashtirilmoqda.
Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida tadbirkorlik sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 2 trillion 552 milliard 665 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22-23 iyun kunlari va 2018 yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi vaqtida bildirilgan topshiriqlarni ijro etish doirasida 380 ta loyiha tasdiqlandi.
Dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda ayrim mahalliy xalq deputatlari Kengashlari va ularning deputatlari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mahalliy Kengashlarda 500 dan ortiq mansabdor shaxsning aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha hisobotlari tinglandi, mas’ul tuzilmalar rahbarlariga 300 dan ortiq deputat so‘rovi (murojaati) yuborildi.
Shu bilan birga, senatorlar Farg‘ona viloyatida mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan qator muammo va kamchiliklar borligini, mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotganligini ta’kidladilar.
Muhokamalar yakunlari bo‘yicha viloyatni rivojlantirish masalalarini hal qilish yuzasidan vazirliklar va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari javobgarligini oshirishga qaratilgan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng senatorlar “Xalqaro migratsiya tashkiloti Konstitutsiyasini (Bryussel, 1953 yil 19 oktyabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqib ma’qulladilar.
Senat a’zolari 2019 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish dasturi to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar. Dastur loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 9 oktyabrdagi Farmoniga muvofiq kiritilgani ta’kidlandi. Muhokama yakuni bo‘yicha Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.
Shuningdek senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish va uni o‘tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdilar. Qayd etilganidek, mazkur sohada ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida harbiy xizmatchilarning professional mahorati, intellektual salohiyati va harbiy tayyorgarligi darajasi oshdi, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish kuchaytirildi, aholi, ayniqsa yoshlar orasida harbiy xizmatning obro‘si va nufuzi keskin ko‘tarildi.
Biroq joylarda o‘tkazilgan o‘rganish, aholi bilan muloqot va ularning murojaatlari bilan tanishib chiqish kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish, xizmat muddatini uzaytirish va xizmatdan bo‘shash bilan bog‘liq bir qator muammolar borligini ko‘rsatdi.
O‘rganish kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish murakkab jarayon ekanligini ko‘rsatdi. Ko‘plab byurokratik to‘siqlar mavjud, buning ustiga bu tartib-taomil ochiq-oshkora emas. Ayrim bosqichlarni o‘tkazish va yakunlash muddatlari, shuningdek mansabdor shaxslarning javobgarligi belgilab qo‘yilmagan. Bundan tashqari, sobiq harbiy xizmatchilar, ayniqsa pensiya olish huquqini beradigan stajga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar bandligini ta’minlash, ularni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash orqali ijtimoiy moslashtirishning yagona tashkiliy-huquqiy mexanizmi mavjud emas.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish va uni o‘tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan parlament so‘rovi yuborish zarurati yuzaga keldi. Muhokama etilgan masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduxakimovga imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi 2 yilda nogironligi bo‘lgan 21,5 ming nafar shaxs, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uy-joy bilan ta’minlandi. Imkoniyatlari cheklangan odamlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi tubdan takomillashtirildi, ularni oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat grant kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi ishlab chiqildi.
Biroq O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarida har kimning bilim olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, imkoniyatlari cheklangan shaxslar bu huquqdan to‘liq foydalana olmayapti.
Ularning ta’lim olish huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayogan qator muammolar hali ham saqlanib qolmoqda. Shu tufayli O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduxakimovga imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish zarurati kelib chiqdi. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng parlamentning yuqori palatasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Uning yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘n yettinchi yalpi majlis davomida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan 30 ta masala, shu jumladan 18 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.