O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro shartnomalarga eʼtibor, valyuta muomalasiga talabchanlik kuchayadi

2018-11-23 | Jamiyat

2018-yil 22-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatda ijtimoiy, iqtisodiy, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Maʼlumki, mamlakatning xalqaro bitimlari davlat huquqiy tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu tufayli, majlis avvalida deputatlar ishni “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qilishdan boshladilar.

Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning 3-bandi ijrosi yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi xalqaro shartnomalarni tuzish, chop etish, roʻyxatga olish, saqlash, bajarish, ularning amal qilishini toʻxtatish va tugatish, shuningdek, ularning bajarilishini monitoring qilish tartibini belgilashdan iborat.

Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish masalasining kompleks tahlili shuni koʻrsatadiki, hozirda amal qilib turgan qonun 1995 yilda qabul qilingan boʻlib, qariyb chorak asr davomida Oʻzbekistonda ushbu sohada koʻlamdor oʻzgarishlar roʻy berdi. Bu esa, huquqni qoʻllash amaliyotida ham muayyan oʻzgarishlar boʻlishiga olib keldi. Shu bois, mazkur qonun loyihasida sohaga doir amaldagi qator yangi oʻzgarishlar oʻz aksini topdi.

Loyiha matni “tushunchalar apparati” bilan toʻldirildi. Xalqaro shartnomalarni huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, ekologik va lingvistik, shuningdek, boshqa turdagi ekspertizadan oʻtkazish mexanizmlari belgilandi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarning bajarilishi boʻyicha monitoring olib borish mexanizmi kengaytirildi. Yuridik majburiyat yuklovchi hujjat boʻlmagan xalqaro aktlarning (deklaratsiya, qoʻshma bayonot, anglashuv memorandumi va boshqalar) huquqiy holati belgilandi.

Deputatlar fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri boʻlgan xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini shakllantirish va takomillashtirishga xizmat qiladi.

Deputatlar tomonidan koʻrib chiqilgan navbatdagi masala — Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan 2017-2018-yillarga moʻljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturining 7-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Maʼlumki, Jinoyat-protsessual kodeksining 270-moddasiga muvofiq, jabrlanuvchi, guvoh yoki ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga, shuningdek, ularning oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlariga oʻldirish, kuch ishlatish, mol-mulkini yoʻq qilib tashlash yoxud mol-mulkiga shikast yetkazish bilan yoki oʻzga gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinyapti, deyish uchun yetarli maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud bu shaxslarning hayoti, salomatligi, shaʼni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish, aybdorlarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish choralarini koʻrishi shart. Biroq hozirgacha qonun hujjatlarimizda himoya choralari tizimini aniqlash tartibi, ularni qoʻllash asoslari aniq-tiniq belgilanmagan.

Mazkur qonun loyihasida qator xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilgan holda, himoya choralari tizimini aniqlash, ularni qoʻllash asoslari hamda tartibi aks ettirilmoqda. Vakolatli organlar tomonidan jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan shaxsni qoʻriqlash, turar joy va boshqa mol-mulkni asrash, ularga individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish, vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish, boshqa yashash joyiga koʻchirish, ish (xizmat) yoki oʻqish joyini oʻzgartirish, hujjatlarini almashtirib turish kabi xavfsizlik choralarining qoʻllanilishi borasidagi normalar aniq belgilab qoʻyilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasi ham deputatlarning qizgʻin bahs-munozarasiga sabab boʻldi.

Ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish qismiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishdan iborat. Qayd etilganidek, amaliyotda aksariyat hollarda yakka tartibdagi tadbirkorlar — jismoniy shaxslar (fuqarolar) tomonidan noqonuniy qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Oʻrganishlarga koʻra, qurilish sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar 2013-yilda 299 ta, 2014 yilda 389 ta, 2015 yilda 588 ta va 2016-yilda 911 tani tashkil etgani aniqlangan. Qurilish-montaj ishlarini bajarayotgan fuqarolarga nisbatan sodir etilgan bunday huquqbuzarliklar uchun bugungi kunda maʼmuriy javobgarlik qoʻllash masalasi aniq hal etilmagan. Shu munosabat bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 99-modda hamda 160-moddalariga fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish hamda qoʻllash taklif etilmoqda.

Deputatlar loyiha yuzasidan qonun tashabbuskorlariga savollar bilan murojaat etdilar. Mazkur qonun loyihasi dastlabki tarzda koʻrib chiqilayotganda deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar loyihada oʻz aksini topmaganini deputatlar misollar keltirgan holda eʼtirozlar bildirdilar.

Shundan soʻng qonun loyihasi ovozga qoʻyildi. Biroq qonun loyihasi yetarli ovoz toʻplay olmadi.

Majlis kun tartibidagi navbatdagi masala “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 170-moddasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda chet el valyutasini ayirboshlash erkinlashtirilgandan buyon sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, xorijiy valyutaning qonuniy muomalasi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar keskin oshib bormoqda. Masalan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan oʻtkazilgan tahlillar bu toifadagi jinoyatchilikning keskin oʻsish holatlarini koʻrsatmoqda: birgina joriy yilning 9 oyida 2 069 ta (2017-yil shu davrida – 1 656) shunday huquqbuzarliklar aniqlangan.

Shuni inobatga olgan holda tayyorlangan qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 170-moddasi, Jinoyat kodeksi 177-moddasining sanksiyasiga oʻzgartish kiritish orqali valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish uchun jazo choralarini belgilash hamda jarimalar miqdorini oshirish koʻzda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi bu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini kuchaytirishga, aholi tomonidan chet el valyutalarini ayirboshlash shoxobchalari orqali xarid qilish darajasini oshirishga, iqtisodiyotda xufiyona sektorning darajasini kamaytirishga va chet el valyutasining nazoratsiz chiqib ketish yoʻllarini bartaraf etishga yordam beradi.

Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri B.Xodjayevga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanish va energiya tejovchi innovatsion texnologiyalarni qoʻllash istiqbollari toʻgʻrisida”gi parlament soʻrovini yuborish haqidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Shuningdek, majlisda parlament quyi palatasi vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Поделиться