O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senatda YXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-11-21 | Siyosat
2018 yil 21 noyabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning YXHT Parlament assambleyasi raisi Georgiy Sereteli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning YXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasi bilan hamkorlik ustuvorliklari muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda parlament diplomatiyasi o‘zaro ishonchni mustahkamlashning, “xalq diplomatiyasi”ni rivojlantirishning eng muhim resursi sifatida e’tirof etiladi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston YXHT institutlari, shu jumladan Parlament assambleyasi bilan amaliy hamkorlikni olib bormoqda.
“O‘zbekiston so‘nggi yillarda olib borilayotgan demokratik islohotlar tufayli butun dunyoda hurmat qozondi. Biz hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmog‘i mustahkamlanayotganini, Oliy Majlis palatalari vakolatlari tobora kengayib borayotganini qiziqish bilan kuzatib borayapmiz. Ma’lumki, O‘zbekiston YXHT PA doirasida o‘z faoliyatini qaytadan boshlab faollashtirmoqda. Bu hamkorlik, shubhasiz, O‘zbekistonga foyda keltiradi”, - dedi YXHT PA raisi G.TSereteli.
Tomonlar qayd qilganidek, O‘zbekistonning YXHT bilan hamkorligini kuchaytirish jarayoni YXHTga a’zo boshqa mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish, O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar hamda yangilanishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish uchun Parlament assambleyasi maydonidan foydalanishning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta’minlash, transmilliy xatarlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish, suv-energetika muammolarining yechimini topish, shuningdek savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida YXHT PA bilan o‘zaro foydali hamkorlik qilishga muhim ahamiyat beradi.
Ta’kidlanganidek, YXHT PA bilan hamkorlik yangi xatarlar va xavfsizlikka tahdidlarni, xalqaro kun tartibini va O‘zbekiston milliy manfaatlarini hisobga olgan holda respublika tamoyillarini va Tashkilot doirasida barcha uchta mezon bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarni bajarishga qaratilgan. Oliy Majlis va YXHT Parlament assambleyasi o‘rtasida samarali hamkorlik olib borilmoqda. Oxirgi ikki yilda mamlakatimiz parlamenti a’zolari Assambleyaning qator sessiyalarida va boshqa tadbirlarida faol ishtirok etdi, YXHT PA mutaxassislari bilan birgalikda yaqindan ish olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasida erishgan yutuqlari, shuningdek joriy yilning 22-23 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumining muhimligi qayd etildi. Ushbu anjuman ishida YXHT PA delegatsiyasi a’zolari ishtirok etadi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning muhim jihatlari, O‘zbekiston va YXHT o‘rtasida, shu jumladan Parlament assambleyasi bilan erishilgan kelishuvlarni ijro etish yuzasidan ham fikr almashildi, ikki tomonlama hamkorlikning yaqin istiqboldagi asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.