O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Adolat” SDP fraksiyasi Davlat byudjeti ijrosining qaysi jihatidan norozi boʻldi?
2018-11-16 | Iqtisodiyot
2018-yilning 15-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, partiya faollari ishtirok etgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetining 2018-yilning toʻqqiz oyligidagi ijrosi hamda 2019-2021-yillarga moʻljallangan Byudjetnoma loyihasi koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda dastlab fraksiya aʼzolari Davlat byudjetining ijrosini atroflicha muhokama etdilar. Unda sotsial-demokratik gʻoyalarga tayangan holda, asosiy eʼtibor ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan ishlarga qaratildi.
Taʼkidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 30,01 trln. soʻm rejalashtirilib, haqiqatda 28, 89 trln. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 11,8 foizni tashkil etadi. Xususan, ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini yoki 47,2 foizini tashkil etgan taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan ajratilgan 13, 63 trln. soʻm mablagʻlarning maqsadli ishlatilishiga deputatlar tomonidan jiddiy eʼtibor qaratildi.Boisi, hisobot davrida ushbu mablagʻlarning toʻliq oʻzlashtirilishi taʼminlanmagan. Jumladan, maktabgacha taʼlim muassasalariga markazlashgan tartibda mebel va boshqa jihozlar sotib olish xarajatlari, oʻquv qoʻllanmalar va didaktik materiallar xarid qilish, umumtaʼlim muassasalarini darsliklar bilan taʼminlash, kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan bolalarga qishki kiyimlarni xarid qilish uchun ajratilgan jami 84,6 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilmagani fraksiya aʼzolari tomonidan ushbu sohalar rivojiga boʻlgan masʼuliyatsizlik, deya baholandi.
Shuningdek, fraksiya aʼzolari tomonidan ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etishga ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilmagani tanqidiy tahlil etildi. Xususan, mamlakat Prezidenti qaroriga muvofiq, ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, “startap” loyihalarini oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida moliyalashtirish uchun joriy yilning iyul oyida 50 mlrd. soʻm miqdorida byudjet mablagʻlari ajratilgan boʻlib, bugungi kunda ushbu mablagʻlar oʻzlashtirilmagani deputatlarning haqli eʼtiroziga sabab boʻldi.
Muhokamalar jarayonida Oʻzbekiston “Adolat” SDP saylovoldi dasturidan oʻrin olgan sogʻliqni saqlash sektorini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan mablagʻlar ijrosi ham fraksiya aʼzolari diqqat markazida boʻldi.
Qayd etilganidek, Sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 25,8 foizga oʻsgan boʻlib, fraksiya aʼzolari ushbu sohada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar ijrosi uchun rejalashtirilgan 129,9 mlrd. soʻm mablagʻlar oʻzlashtirilishi taʼminlanmagani alohida muhokamaga va eʼtirozga sabab boʻldi.
Sogʻliqni saqlash tizimida asosiy eʼtibor aholining hayotdan roziligini taʼminlashga qaratilayotgani bir paytda yuqorida qayd etilgan byudjet mablagʻlarining oʻz vaqtida oʻzlashtirilmagani tizimdagi islohotlar samarasiga oʻz taʼsirini oʻtkazayotgani taʼkidlandi.
Muhokamalar yakunida “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari tomonidan Davlat byudjeti ijrosining 2018-yil 9-oyligi yakunlari boʻyicha sogʻliqni saqlash, taʼlim, ilm-fan sohalaridagi yuqorida qayd etilgan masalalar tanqidiy baholanib,
ushbu yoʻnalishlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni toʻliq bartaraf etish va joriy yil yakuniga qadar mablagʻlarning maqsadli sarflanishiga erishish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, fraksiya yigʻilishida davlatimizning 2019-yilga moʻljallangan bosh moliyaviy hujjat loyihasi ham keng muhokama qilindi. Aholining farovonligi va turmush darajasini yuksaltirishga yoʻnaltirilgan mazkur Byudjetnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar asosida ishlab chiqilgani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, 2019 yilda ham avvalgi yillar singari Davlat byudjetida ijtimoiy xarajatlarning ustuvorligi saqlab qolinadi va ijtimoiy sohaga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar 57, 82 trln. soʻmni yoki jami xarajatlarning 54 foizini tashkil etadi. Bu Byudjetnoma loyihasining xalqchiligini va ijtimoiy yoʻnaltirilganini yaqqol namoyon etadi.
Shu bilan birga, uzluksiz taʼlim yagona tizimining muhim boʻgʻini hisoblanadigan maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga Davlat byudjetidan oʻtgan yilga nisbatan 51,0 foizga koʻp, yaʼni 4,02 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirish belgilanmoqda. Bunda maktabgacha taʼlim muassasalarida sifatli ovqatlantirishni tashkil qilish uchun byudjetdan qoʻshimcha 360,0 mlrd. soʻm ajratish koʻzda tutilayotgani va buning natijasida maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalar qamrovi 35 foizdan 45,4 foizga oshishi hamda xususiy muasssasalarning rivojlanishi fraksiya aʼzolari tomonidan ijobiy baholandi.
Shuningdek, bosh moliyaviy hujjat loyihasida sogʻliqni saqlash tizimiga ham katta eʼtibor qaratilgan boʻlib, ushbu soha xarajatlari 12, 088 trln. soʻmni yoki oʻtgan yilga nisbatan 30,5 foizga oshgan holda, jami xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etmoqda. Bu mablagʻlar hisobiga birinchi tibbiy yordam xizmati, oilalar sogʻligʻini mustahkamlash, ona va bola muhofazasi, tibbiyot muassasalarida ijtimoiy dorixonalarning sifatini kuchaytirishga birlamchi ahamiyat qaratiladi. Ayniqsa, fraksiya tomonidan alohida eʼtibor bilan oʻrganib boriladigan dori-darmon va tibbiyot buyumlarining xaridi, ularning maqsadli yoʻnaltirilishi boʻyicha ajratilayotgan mablagʻlar 1,0 trln. soʻmni yoki oʻtgan yilga nisbatan 16 foizga koʻproqni tashkil qilayotgani diqqatga molikdir.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan 2019-yil uchun Byudjetnoma loyihasiga bir qator masalalarda taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishni rejalashtirishda asosiy eʼtiborni bola qamrovi oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha kam boʻlgan Surxondaryo (13 %), Qashqadaryo (24%) va Jizzax (24,2%) viloyatlariga qaratish zarur. Shuningdek, tibbiyot muassasalarini dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga ajratiladigan mablagʻlarni hududlar kesmida adolatli taqsimlash tizimini joriy etish maqsadga mufoviqligi taʼkidlandi.
Yigʻilish soʻngida fraksiya aʼzolari tomonidan 2019-yilga moʻljallangan Byudjetnoma loyihasi maqullandi va “Adolat” SDP Saylovoldi dasturiga muvofiq, uni amalga oshirishga qaratilgan takliflar berildi.
Fraksiya mazkur yigʻilish yakuni boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti ijrosining 2018-yil toʻqiz oyligining bajarilishi holati va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, sohalarga ajratilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida sarflanishi hamda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yildga moʻljallangan Davlat byudjeti loyihasiga partiya pozitsiyasidan kelib chiqib munosabatlar bildirildi.