O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Italiya delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-11-14 | Siyosat
2018-yilning 14-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Italiya Respublikasi tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri oʻrinbosari Manlio Di Stefano boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda siyosiy-diplomatik, savdo, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamda “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” shaklida Oʻzbekiston-Italiya muloqoti holati va uni yanada chuqurlashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, xalqaro va mintaqa muammolariga doir ayrim masalalar muhokama qilindi.
Turli darajalarda boʻlajak aloqalar yuzasidan takliflar koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari oʻzaro manfaatli barcha sohalardagi saʼy-harakatlarni faollashtirish imkonini beradi.
Muzokaralarda ikki tomonlama tovar aylanmasini oshirishdan oʻzaro manfaatdorlik taʼkidlandi. Savdo hajmi joriy yilning yanvar-sentyabrida 206 mln. AQSH dollarini tashkil etib, butun 2017-yilga qaraganda 20%ga koʻproqni tashkil etadi. Qayd etilganidek, 2019-yil boshida Savdo, iqtisodiy va sanoat hamkorligi va eksport kreditlari masalalari boʻyicha Hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi majlisini oʻtkazish mazkur muhim sohadagi qoʻshma kun tartibini dolzarblashtirish imkonini yaratadi.
Suhbat chogʻida “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ va Italiyaning “Danieli & C.Officine Mecchanicne S.p.A” kompaniyasi oʻrtasida imzolanishi kutilayotgan qoʻshma loyihani amalga oshirish boʻyicha investitsiya bitimi ijobiy baholandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari ham koʻrib chiqildi.
Shu kunning oʻzida TIVda Oʻzbekiston-Italiya siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundi boʻlib oʻtdi.
Tadbirlarda Italiya Elchisi Andrea Bertotssi ishtirok etdi.