O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koʻz mikroxirurgiyasi dolzarb muammolari
2018-11-09 | Sog‘liqni saqlash
Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida tashkil etilgan xalqaro anjuman shunday nomlandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston, Rossiya, AQSH, Italiya, Qozogʻiston kabi davlatlardan malakali mutaxassislar, oftalmologlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholiga oftalmologiya sohasida koʻrsatilayotgan tibbiy-profilaktika yordami sifatini yaxshilash, oftalmologik kasalliklarning oldini olish va profilaktika qilish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal boʻlayotir.
Shu jihatdan tashkil etilgan mazkur tadbirda koʻz kasalliklari, ularning diagnostikasi va davolash usullari hamda bu boradagi xorijiy tajribalarni oʻrganishga asosiy eʼtibor qaratildi. Unda mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatni yanada yaxshilashda oftalmologiya sohasida erishilayotgan ulkan yutuqlar va xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bugungi kunning asosiy vazifalaridan biriga aylangani xususida soʻz yuritildi.
– Ayni kunlarda barcha tibbiy yoʻnalishlar qatori oftalmologiya sohasini yanada takomillashtirishga katta eʼtibor qaratilgan, – dedi Oʻzbekiston Qahramoni, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti oftalmologiya kafedrasi professori Xolid Komilov. – Mahalliy va xorijlik mutaxassislar anjumanda koʻz mikroxirurgiyasida erishilayotgan yutuqlar boʻyicha oʻrtoqlashdi. Ayniqsa, bunda glaukoma, keksalik makulodistrofiyasi, diabetik retinopatiya, toʻr parda koʻchishi kabi kasalliklar profilaktikasi, bu borada tibbiy muassasalarni zarur jihozlar bilan taʼminlash hamda kadrlar malakasini oshirishda xalqaro hamkorliklarni yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Taʼkidlash kerakki, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yetakchi tibbiy muassasa boʻlib, u eng zamonaviy oftalmologik asbob-uskunalar bilan taʼminlangan. Bu yerda katarakta va glaukoma jarrohligi, rekonstruktiv jarrohlik, shox parda jarrohligi, lazer jarrohligi, bolalar koʻzining mikroxirurgiyasi, plastik jarrohlik, bolalar koʻzlarini zamonaviy maxsus kompyuter dasturlari asosida davolash, shuningdek, individual koʻz protezlarini yasash va qoʻyish amaliyotlari bajariladi. Markaz kasallangan shox pardani tiniq donor shox pardaga almashtirishni amalga oshiradigan yagona koʻz klinikasidir.
Anjumanda koʻz mikroxirurgiyasining dolzarb masalalari, kadrlar malakasini oshirish, bu boradagi yutuq va muammolarga doir masalalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
– Koʻz mikroxirurgiyasi rivojida tajriba almashish juda muhimdir, – dedi rossiyalik oftalmolog Yevgeniy Sidorenko. – Chunki bugungi kunda koʻz kasalliklarining oldini olish, sifatli profilaktikasi va jarrohlik amaliyoti uchun tibbiyotning zamonaviy usullaridan foydalanish ijobiy samara beradi. Shu bois tadbir doirasida shox pardaning ogʻir kasalliklari boʻyicha jarrohlik amaliyoti, mahorat darslari amalga oshiriladi. Bunday nazariy va amaliy mashgʻulotlar barcha ishtirokchilar uchun foydalidir.
Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA