O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Germaniya Bundestagi delegatsiyasining uchrashuvlari

2018-11-01 | Siyosat

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Markazida 1 noyabr kuni Germaniya Bundestagining “GFR – Markaziy Osiyo» parlament guruhi raisi Manfred Grund boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. 

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish milliy tizimi yaratilgani va uni tizimli ravishda roʻyobga chiqarish yuzasidan izchil islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. 

Uchrashuvda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining joriy yil may oyida Jenevada oʻtkazilgan 39-sessiyasida Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlari bajarilishi yuzasidan taqdim etgan milliy maʼruzasidagi masalalar, yurtimizdagi sud-huquq tizimi, davlat boshqaruvi organlarining voyaga yetmaganlarni noqonuniy mehnatga jalb etishning oldini olishdagi faoliyati, hukumat va fuqarolar oʻrtasida muloqotni amalga oshirishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyilgani, soʻz va fikr erkinligini taʼminlash borasidagi islohotlar xususida soʻz yuritildi. 

– Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda yuritilayotgan tashqi siyosat eʼtirofga loyiq, – dedi delegatsiya rahbari Manfred Grund. – Xususan, Germaniya bilan turli sohalarda hamkorlik kengayayotgani, ishbilarmonlarimiz mamlakatingiz bozoriga kirishga qiziqish bildirayotgani oʻzaro munosabatlar rivojlanib borayotganidan dalolat. Ushbu aloqalar siyosiy sohada ham izchillik kasb etib bormoqda. 

Suhbat chogʻida inson huquqlarini himoya qilishda erishilayotgan yutuqlar bilan birga sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, bu borada oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, soha vakillari oʻrtasida tajriba almashishni tizimli yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov bilan uchrashuvda Oʻzbekiston va Germaniya munosabatlari soʻnggi yillarda ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalarda rivojlanib borayotgani qayd etildi. 

Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni fan-texnika, mashinasozlik, innovatsion loyihalar, oliy taʼlim tizimi, parlamentlararo munosabatlar sohalarida yanada rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Shu kuni “GFR – Markaziy Osiyo» parlament guruhi delegatsiyasi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasida boʻlib, ijtimoiy hayotda xotin-qizlarning rolini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati va talabalar bilan uchrashdi.

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA

Поделиться