Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar festivali ishtirokchilari 30 oktyabr kuni Samarqand shahrida boʻldi.
Rossiyalik yoshlar Samarqandning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida dastlab shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan tanishdi.
Xoʻja Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulugʻbek observatoriyasi va muzeyi, Amir Temur maqbarasiga uyushtirilgan sayohat davomida ularga ushbu majmualar haqida batafsil maʼlumot berildi. Mirzo Ulugʻbek muzeyida saqlanayotgan tarixiy ashyolar, buyuk astronom olim asos solgan Samarqand astronomiya maktabiga oid maʼlumotlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shundan soʻng Registon majmuasidagi Mirzo Ulugʻbek madrasasida “Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida sayyohlik oqimini kengaytirishda yoshlarning oʻrni” mavzusida amaliy konferensiya oʻtkazildi.
Anjumanda Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov, Rossiya talabalar va talabalar uyushmalari assotsiatsiyasining Xabarovsk hududiy tashkiloti raisi A.Nikonova Oʻzbekiston va Rossiya yoshlari oʻrtasida tobora mustahkamlanib borayotgan aloqalar ikki mamlakat yoshlarining turli sohalardagi hamkorligini rivojlantirishga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Joriy yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va Rossiya yoshlar ittifoqi oʻrtasida yoshlar masalalari sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi imzolandi. Shu yil fevral oyida yurtimizda, oktyabr oyining boshida Rossiyada Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar forumlari koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.
Mazkur tadbirlarning uzviy davomi sifatida tashkil etilgan festival ham mamlakatlarimiz yoshlar tashkilotlari va yoshlarining ilmiy-ijodiy, iqtisodiy va madaniy hamkorligini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi S.Akbarov, Rossiyaning “Kongressorg” kompaniyalar guruhi biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori O.Almendeyev, turizm sohasi boʻyicha olim va mutaxassislar Oʻzbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish imkoniyatlari va salohiyati, Rossiyada taʼlim va tibbiyot turizmi istiqbollari, ikki mamlakat hududlarida sayyohlikni ravnaq toptirish masalalari yuzasidan maʼruza qildi.
– Yurtimizda turizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida joriy yilda Urgut tumanida Taxtiqoracha dovonida sayyohlar uchun kemping tashkil etdik, – deydi Samarqand shahridagi “Marokand travel agency” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari B.Bekboyev. – Ushbu loyihamiz Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida joy ajratib berildi. Bu joyda oʻtov va boshqa dam olish maskanlari qurilib, togʻ turizmi uchun zarur sharoit yaratildi. Sayyohlar bu yerda bir necha kun yashab, xalqimizning turmush tarzi, anʼana va urf-odatlari bilan tanishadi, milliy taomlardan bahramand boʻladi. Konferensiyada rossiyalik tengdoshlarimizga bu haqda maʼlumot berib, ularni hamkorlikda ishlashga taklif etdik.
Konferensiyada Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida yoshlar turizmini kengaytirish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Gʻ.Hasanov, A. Isroilov (surat), OʻzA