O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar va zamonaviy axborot maydoni
2018-10-31 | Jamiyat
Buxoro viloyati Yoshlar markazida 30 oktyabr kuni “Yoshlar media-makonining zamonaviy trendlari: bloger va ijtimoiy media” mavzusida media-forum oʻtkazildi.
Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar festivali doirasida tashkil etilgan forumda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi aʼzolari, blogerlar, ikki mamlakat media sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalarida yoshlar hayoti yoritilishi, elektron OAV rivoji, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga taʼsiri, jurnalist kadrlar tayyorlash borasidagi tajribalar xususida soʻz yuritildi.
Rossiya media sohasi vakillari axborot yetkazib berishda auditoriya bilan ishlash, millatlararo muloqotni yoʻlga qoʻyishda internetning oʻrni va roli, xalqaro yirik tadbirlarni yoritishda jurnalist ishi kabi mavzular boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
– Oʻzbekiston haqida internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali muayyan maʼlumotga ega edim, – deydi Novosibirsk shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Zabota i miloserdiye” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Olga Kovtun. – Bu yerga kelib, tasavvurlarim yanada kengaydi. Bularni internetdagi oʻz sahifamda yozib borayapman. Festival doirasidagi tadbirlar, umuman, yurtingiz haqida qoldirayotgan postlarimga juda koʻpchilik iliq fikr bildirayapti.
Media-forumda Buxoro viloyati hokimligi va boshqa mahalliy davlat hokimiyati organlarining matbuot kotiblari ham ishtirok etib, oʻzlari uchun qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldi.
Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), OʻzA