Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining uzoqni koʻzlab olib borayotgan xalqparvar siyosati tufayli keyingi yillarda xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik aloqalari yanada mustahkamlandi.
Ikki davlat rahbarlarining tarixiy tashriflari esa bu aloqalarni yangi bosqichda davom ettirish imkonini kengaytirdi.
Joriy yil mart oyida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi chegara oʻtkazish punktlarining ochilishi azaldan quda-anda, yaqin qoʻshni boʻlib kelgan oʻzbek va tojik xalqlari uchun uzoq kutilgan, ular qalbiga cheksiz quvonch baxsh etgan voqea boʻldi.
Bu imkoniyatlar Oʻzbekiston va Tojikiston hududlari oʻrtasidagi aloqalarni ham rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, bugungi kunda Samarqand va Sugʻd viloyatlari oʻzaro ishonch va samimiyatga asoslangan doʻstlik aloqalarini savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirib bormoqda. Joriy yil aprel oyida Samarqandda Sugʻd viloyati kunlari oʻtkazilgan boʻlsa, sentyabr oyi avvalida Sugʻdda shunday tadbir tashkil etildi. Mazkur muloqotlar davomida tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum va sanoat mahsulotlari koʻrgazmalari oʻtkazildi. Ikki viloyat madaniyat va sanʼat ustalari tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi. Xalqlarimizning mushtarak bayrami hisoblangan Navroʻz birgalikda nishonlandi.
Bu gal qardosh Sugʻd viloyati maʼmuriyati oʻzbekistonlik bir guruh jurnalistlarni anʼanaviy “Mehrgon” bayramiga taklif qildi.
Oltin kuz oʻz saxovati, goʻzalligi bilan namoyon boʻlayotgan shu kunlarda sharqda, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida ham anʼanaviy hosil bayramlari nishonlanmoqda. Tojik xalqining “Mehrgon” tadbiri ham ushbu faslda oʻtkaziladigan ana shunday shukuhli, oʻziga xos hosil bayramidir.
Xoʻjand shahri yaqinidagi “Arbob qasri” majmuasida bayramning asosiy tadbirlari – “Palov oshi” festivali, “Asal va qovun bayrami”, “Milliy shirinliklar”, “Sugʻd atlas va adrasi” koʻrgazmalari oʻtkazildi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlari uchun ajratilgan maydonda sugʻdlik dehqon va bogʻbonlar, sohibkor va chorvadorlar oʻzlari yetishtirgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini namoyish etdi.
Bayram tadbirlarida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi va koʻrgazmalarni koʻzdan kechirdi. Sugʻdlik dehqon va bogʻbonlar, hunarmand va oshpazlar, ijodkor va faxriylar bilan suhbatlashdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Sugʻd viloyatida 67 ming dehqon xoʻjaligi 227 ming gektardan ortiq maydonda meva-sabzavot, poliz va boshqa ekinlar parvarishlab kelmoqda. Ayni paytda viloyatda 72 ming gektar bogʻ va 11 ming gektar tokzor mavjud. 2016-2020 yillarga moʻljallangan uzumchilik va bogʻdorchilikni rivojlantirish davlat dasturiga muvofiq, joriy yilda 20 gektardan ortiq maydonda yangi intensiv bogʻ bunyod etilgan.
– Spitamen tumanimizda qishloq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida faoliyat olib boriladi, – deydi tajribali dehqon Rahimjon Rajabov. – Bogʻ va uzumzorlarimiz bor, poliz va sabzavot ekinlari parvarishlaymiz. Oʻzbekistondagi singari qovun va tarvuzdan moʻl hosil yetishtiramiz, olma, uzum, oʻrik, nok va boshqa mevalarni eksportga ham chiqaramiz. “Mehrgon” yil davomidagi mehnatimiz mahsulini elga koʻrsatadigan, dehqonchilik mavsumini sarhisob qiladigan bayramdir. Bu yilgi festivalda mahalliy aholi bilan birga, qoʻshni davlatlar va uzoq xorijdan mehmonlar ishtirok etayotganidan xursandmiz.
Viloyat qishloq xoʻjalik xodimlari ichki isteʼmol bozoriga sifatli mahsulot yetkazib berish qatorida, sertaʼm meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini xorijga ham eksport qilib, mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, sugʻdlik dehqonlar bu yil 80 ming tonnaga yaqin qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilgan.
Festivalda viloyatdagi oziq-ovqat korxonalari tomonidan non va non mahsulotlari, 30 ga yaqin turdagi milliy shirinliklar koʻrgazmasi oʻtkazildi. Non va non mahsulotlari qatorida xoʻjandlik novvoylar tomonidan pishirilgan Samarqand nonlari ham koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.
“Palov oshi” festivali bayramning asosiy tadbirlaridan biri hisoblanar ekan. Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan mohir oshpazlar 30 ta qozonda oʻziga xos usulda, bir-birini takrorlamaydigan osh damladi. Panjikentning devzira guruchidan tayyorlangan osh, Tursunzoda lazer guruchli palovi,
togʻ kakligi goʻshti solingan palov, zigʻir yogʻi va qovun urugʻi bilan tayyorlangan, qazili, kishmishli, bedana tuxumi solingan osh ishtirokchilarda oʻzgacha taassurot qoldirdi.
Xoʻjand milliy osh markazi oshpazlarining “Samarqandcha palov” damlashi bizning qiziqishimizni oshirdi.
– Shahar markazidagi oshxonamiz Xoʻjanddagi eng gavjum maskanlardan, – deydi milliy osh markazi oshpazi Abdujabbor Rahmatov. – Bir necha xil osh tayyorlab, elga ulashamiz. Tursunzoda lazer guruchidan damlanadigan “Samarqandcha osh”ga talabgorlar juda koʻp. Bir necha yildan buyon ushbu taomni tayyorlasak-da, bu yil chegaralar ochilgach, Samarqandga borib, mahalliy oshpazlar faoliyatini oʻrganib keldik. Haqiqiy samarqandcha osh tayyorlash boʻyicha tajriba almashdik.
Bayram tadbirlari doirasida qiziqarli shartlardan iborat tanlovlar, musobaqalar oʻtkazildi.
“Mehrgon” bayramining muhim tadbirlaridan biri boʻlgan “Sugʻd atlasi va adrasi – 2018” festivali “Arbob qasri” konsert zalida oʻtkazildi.
Muhtasham saroy oldida Sugʻd viloyati usta va hunarmandlarining mahsulotlari koʻrgazmasi namoyish etildi. “Arbob qasri” esa atlas va adraslar bilan bezatilgan. Sugʻdda ushbu milliy matolarning 50 dan ortiq turi mahalliy hunarmandlar tomonidan tayyorlanar ekan.
Mamlakat hukumati xalq hunarmandchiligini rivojlantirish uchun tadbirkorlar va hunarmandlarga keng imkoniyat va imtiyozlar bermoqda. Xususan, uyda xalq ehtiyoji mollarini ishlab chiqarish va ularni sotish bilan shugʻullanuvchilar 2018 yil 1 yanvardan barcha turdagi soliqlardan ozod qilingan.
Taʼkidlash lozimki, Tojikistonda “Sayyohlik va xalq hunarmandchiligini rivojlantirish yili”, deb eʼlon qilingan 2018 yilda bu kabi milliy festival va tadbirlar keng miqyosda oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbirlarni keng targʻib etish, bu haqda jahon ahliga maʼlumot berish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. “Mehrgon” bayrami doirasidagi tadbirlarni ham Tojiston ommaviy axborot vositalari bilan birga Oʻzbekiston, Rossiya, Qirgʻizistondan kelgan jurnalistlar ham oʻz tele va radiokanallari, internet va bosma nashrlar orqali keng yoritdi.
Sugʻd viloyatida oʻtkazilgan “Mehrgon” bayrami tadbirlari tojik va oʻzbek xalqlarining mushtarak madaniyati, anʼana va qadriyatlarini namoyon etgani bilan ham unutilmas taassurotlarga boy boʻldi.
Samarqand – Xoʻjand – Samarqand
Gʻolib Hasanov,OʻzA