O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Serjantlar Milliy gvardiyaning asosini tashkil etadi
2018-10-26 | Jamiyat
Yoshlar press-klubida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarida jangovar shaylikni mustahkamlash va yuqori harbiy intizomga erishishda serjantlarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida 25-27-oktabr kunlari oʻtkaziladigan serjantlar forumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni, general-leytenant Bahodir Toshmatov va boshqalar harbiy xizmatchilarda jasurlik, faxr-iftixor tuygʻularini yanada kuchaytirish, vatanparvarlik, ona Vatanga muhabbat, milliy istiqlol gʻoyalariga sodiqlik hissini shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash, aholini turli terrorchilik xatarlari, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qodir boʻlgan Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi maxsus harbiy tuzilma – Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tashkil etilgani yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, xalqimiz turmush farovonligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirga Milliy gvardiya boʻlinmalarining serjantlar kengashi raislari va ularning oʻrinbosarlari, shartnoma asosidagi harbiy xizmat serjanti va oddiy askarlar tarkibidagi jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik aʼlochilari, davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar jalb qilindi.
– Serjantlar Milliy gvardiyaning asosini tashkil etadi, – deydi Milliy gvardiyaning harbiy vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy tarbiya, yoshlar bilan ishlash boshqarmasi ofitseri, podpolkovnik Toʻlqin Qodirov. – Mazkur forum doirasida oʻtkaziladigan turli maʼnaviy-maʼrifiy, jangovar va sport tadbirlari, amaliy mashgʻulotlar boʻlinmalarda sogʻlom muhitni taʼminlash, harbiy intizomni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forumda Milliy gvardiya tizimining tashkiliy tuzilmasi, harbiy-jangovar holati, serjantlarning maʼnaviy va ruhiy tayyorgarlik darajasini yanada yuksaltirish boʻyicha aniq taklif va mulohazalar bildirildi.
Davron Sunnatov, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA