O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2018-10-26 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mineral oʻgʻitlarni sotishning bozor mexanizmlarini joriy etish, kimyo sanoati korxonalarining qarzdorliklarini restrukturizatsiya qilish yuzasidan koʻrilgan choralar ularni moliyaviy sogʻlomlashtirishga va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirishga imkon berdi.
Shu bilan birga, kimyo tarmogʻini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish uchun investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport hajmini kengaytirishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, investitsiyaviy jozibadorlikning pastligi va tarmoqni rivojlantirish uchun oʻz mablagʻlarining yetarli emasligi xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish imkonini bermayapti, buning oqibatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotda mineral oʻgʻitlar ulushining yuqoriligi saqlanib qolmoqda.
Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida jahon kimyo sanoati rivojlanishining tendensiyalarini va respublikaning muhim xomashyo salohiyatini hisobga oluvchi fundamental ilmiy baza va zamonaviy loyiha-injiniring ishlanmalari mavjud emas.
Kimyo tarmogʻini yanada diversifikatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, yetakchi xorijiy institutlarni jalb qilgan holda zamonaviy ilmiy va loyiha bazasini yaratish, shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida:
1. Respublika kimyo tarmogʻini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
uglevodorod xomashyosini va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash asosida iqtisodiyot tarmoqlarida va jahon bozorida talab katta boʻlgan, yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyo mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish;
respublikaning mineral oʻgʻitlarga boʻlgan talabini qondirish va eksport salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyat yuritayotganlarini modernizatsiya qilish;
kimyo sanoati korxonalarining ustav kapitalida davlat ishtirokini qisqartirish, tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, tarmoq korxonalari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni chuqurlashtirish;
fanni va sohaviy ilmiy tadqiqotlarni faol rivojlantirish, shuningdek, birinchi navbatda, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan ilgʻor ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish;
loyiha-injiniring ishlari va diagnostika tadqiqotlari sifatini oshirish, kimyo va kimyo texnologiyalarining barcha yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini tashkil etish.
2. 2018-2030 yillarda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni 4,5 barobarga, shu jumladan, mineral oʻgʻitlarni – 2 barobarga (1,2 million tonnadan 2,4 million tonnagacha), mahsulotlar eksportini – 4 barobarga oshirish, shuningdek, organik kimyo mahsulotlari ulushini 7 foizdan 54 foizgacha yetkazish orqali tarmoqni diversifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi “Oʻzkimyosanoat” AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unga koʻra:
a) qisqa muddatda (2018-2020 yillarda):
“Ammofos-Maksam” AJda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish hisobiga fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmini 20,0 ming tonnaga oshirish (100 foiz sof holda);
“Navoiyazot” AJda yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol;
“Navoiyazot” AJda yiliga 500 ming tonna azot kislotasi;
“Navoiyazot” AJda yiliga 660 ming tonna ammiak, 577,5 ming tonna karbamid;
“Fargʻonaazot” AJda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda yiliga 7,8 million dona zamonaviy polimer oboylar;
“Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsiyaviy loyihasi (II bosqich) doirasida togʻ-kon majmuasi loyiha hajmlarida ishlab chiqarishni tashkil qilish;
b) kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalarini ishlab chiqarishni oshirish, organik kimyo, shu jumladan, polimer mahsulotlar, sintetik tolalar, rezinotexnika va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan oʻrta va uzoq muddatlarda istiqbolli investitsion loyihalarni amalga oshirish (2030 yilgacha).
Bunda mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish hamda yangi qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 4,8 milliard AQSH dollariga teng 29 ta investitsiyaviy loyihalar asosan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi.
3. Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ quyidagilarni taʼminlasin:
“Fargʻonaazot” AJ va “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJni xorijiy investorlarga sotish maqsadida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kengaytirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha 2018-yil 30-dekabrga qadar ushbu jamiyatlarning aktivlarini mustaqil baholashni yakunlash;
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini qurish boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun, keyinchalik “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertiza qilish sharti bilan, kimyo sohasida tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan istisno tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida shartnoma tuzish;
Navoiy viloyatida fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarish kompleksini qurish boʻyicha 2019-yil avgust oyiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy tashkilot tomonidan fosforli xomashyo maydonini baholash (ekspertizadan oʻtkazish) asosida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chiqish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) va “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish natijalariga koʻra, “Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilasin.
Bunda kimyo sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, yangi qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan yangi investitsiyaviy loyihalar asosan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi belgilansin.
5. Xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda tarmoq korxonalarining investitsiyaviy jozibadorligini va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishda energiya tejamkorlikni oshirish boʻyicha ishlar amalga oshirilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 15-apreliga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda, kimyo sanoati tizimini isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha taklif kiritsin.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlar oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini qatʼiy nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S.Sultonovga – kimyo tarmogʻi obyektlarini oʻz vaqtida ishga tushirish hamda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazirliklar va idoralarning ishlarini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R.Xolmurodovga – xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari mablagʻlarini jalb etish hamda salohiyatli investorlarni topish va kimyo tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi A.A.Abdullayevga – jalb etiladigan mablagʻlarni oʻz vaqtida oʻzlashtirish hamda investitsiyaviy loyihalar doirasida obyektlar qurilishining yakunlanishini taʼminlash va ularning qatʼiy belgilangan muddatlarda loyiha quvvatlariga chiqishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzkimyosanoat” AJning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
“Samarqandkimyo” AJ, “Elektrkimyozavod” QK AJ va “Jizzax plastmassa” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi va “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushini, shuningdek, “Fargʻonaazot” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini, shu jumladan, investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan, xususiy investorlarga bozor qiymatida sotish;
“Oʻzkimyosanoatloyiha” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini nominal qiymatda va “Navoiy KMK” DKning Qizilqum fosforit kombinati mulk kompleksini qoldiq balans qiymatida “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritish;
“Fargʻonaazot” AJning 3-son sanoat maydonchasidagi umumiy maydoni 6,5 gektar boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlarni (sexlar, obyektlar va ularga tutash hududlari bilan) investitsiya majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan “nol” qiymatida sotish;
investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan kaprolaktam ishlab chiqarish chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun begʻaraz topshirish yuzasidan patentlangan texnologiyaga ega boʻlgan “ECO TECH GROUP” QK MCHJ bilan investitsiya kelishuvini tuzish;
2020-yildan boshlab “Oʻzkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan yillik moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish va ularni Xalqaro audit standartlari va Xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlariga muvofiqligi yuzasidan tashqi auditdan oʻtkazish tartibini joriy etish;
2021-yilga qadar xalqaro tajribaga asoslanib investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini, moddiy va moliyaviy resurslarni boshqarish boʻyicha axborot tizimlarini, samaradorlikni oshirish koʻrsatkichlarini qoʻllagan holda xodimlar mehnatini ragʻbatlantirishning zamonaviy usullarini joriy etish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga va qayta moliyalovchi tijorat banklariga kimyo sanoatida yangi investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash maqsadida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi xoʻjalik jamiyatlariga kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.
Belgilansinki:
yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash uchun kreditlar Jamgʻarma tomonidan shartnomada belgilangan, biroq 5 million AQSH dollari ekvivalentidan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratiladi;
xorijiy investorlar bilan hamkorlikda moliyalashtiriladigan yangi investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash uchun Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan kredit miqdori 10 million AQSH dollari ekvivalentigacha koʻpaytirilishi mumkin;
Jamgʻarma mablagʻlarini ajratishga tarmoq ilmiy-texnika kengashi bilan kelishilgan texnik vazifa, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilgan loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash va tadqiqot ishlarini bajarish boʻyicha tuzilgan shartnoma asos boʻladi;
ushbu bandga asosan Jamgʻarma kreditlarini ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
Jamgʻarma kreditlari xizmat koʻrsatuvchi banklar orqali qayta moliyalashtiriladi va qayta moliyalovchi bankning yillik 0,25 foiz miqdoridagi marjasi qoʻshilgan holda, loyihani ishga tushirish davriga qadar, jumladan, 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, umumiy yillik foiz stavkasi 2,25 foiz miqdorida 5 yil muddatga ajratiladi;
kreditlar va ular boʻyicha barcha xarajatlar texnik-iqtisodiy asos tasdiqlanishi jarayonida loyihalar qiymatiga kiritiladi va ularning qaytarilishi loyihalar amalga oshirilganidan keyin, obyektlar ishga tushirilganidan soʻng olingan daromadlar va loyiha hujjatlarini investorlarga sotishdan tushgan Jamgʻarma mablagʻlari hamda qarz oluvchining umumxoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar yoki “Oʻzkimyosanoat” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
9. “Oʻzkimyosanoat” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligining Koreya kimyo- texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan hamkorlikda “Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJ va “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJ negizida – Ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti – Kimyo texnologiyalari markazi (keyingi oʻrinlarda –Markaz)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzkimyosanoat” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Markaz faoliyatini tashkil qilish uchun EDCF (Koreya Respublikasi) liniyasi boʻyicha Eksimbankning 50 million AQSH dollari miqdoridagi kredit va grant mablagʻlarini jalb etishni taʼminlasin.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushi boʻyicha 2019-2021 yillar yakunlariga koʻra hisoblanadigan dividendlar investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, shu jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb etilgan kredit va qarzlarni toʻlashga yoʻnaltirish sharti bilan kapitalizatsiya qilinsin (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yoʻnaltiriladigan 30 foiz miqdoridagi dividendlar bundan mustasno).
11. Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Jamgʻarma, tijorat banklari va “Oʻzkimyosanoat” AJning “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning Jamgʻarma va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining kreditlari boʻyicha majburiyatlarini 2-ilovaga muvofiq restrukturizatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalarining majburiyatlari boʻyicha oldin berilgan davlat kafolatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
13. “Oʻzkimyosanoat” AJ bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.S.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 25-oktabr