O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi tergovlarni tashkil qilishda xalqaro hamkorlik
2018-10-23 | Jamiyat
Poytaxtimizda 22-oktyabr kuni “Jinoyat qurbonlari va guvohlari boʻlgan bolalarni soʻroq qilishda adolatli sudlov tizimi masalalari” mavzusida xalqaro seminar-trening tashkil qilindi.
BMT Bolalar jamgʻarmasining (YUNISЕF) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda huquq-tartibot idoralari tergovchilari, Bosh prokuratura Akademiyasi oʻqituvchilari, sudyalar ishtirok etdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad jinoyat qurbonlari boʻlgan bolalar bilan bogʻliq tergov jarayonlarini odilona, yoshlarning ruhiy holatini inobatga olgan holda olib borish, bu borada xalqaro tajribani tatbiq etishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot markazi direktori D.Oripov, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari I.Bobomurodov, YUNISЕFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari S.Grauman, Shveysariya Konfederatsiyasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi O.Shav va boshqalar Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, onalik va bolalikni himoya qilish, odil sudlov tizimini yaratish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Bu boradagi ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda xalqaro sheriklik yuqori baholandi. Oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi, ularni ijtimoiy himoya qilish ishlarini sifatli tashkil etish, jahonda mazkur sohada olib borilayotgan oʻzgarishlarni amaliyotga keng joriy etishda YUNISЕF bilan hamkorlik muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun tashkil etilgan quyi boʻgʻinlarni rivojlantirishning huquqiy asosi boʻlib xizmat qilmoqda.
Dunyoning ilgʻor davlatlarida jinoiy ishlarda jabrlangan yoki guvoh vakil boʻlgan voyaga yetmaganlar bilan suhbatlar zarur sharoitli alohida xonalarda oʻtkazish tajribasi bor. Mamlakatimiz tergov tizimida voyaga yetmaganlar bilan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borish maqsadida ana shunday alohida xonalar tashkil qilingan. Shundan 3 ta alohida xonalar faoliyati YUNISЕF bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyildi.
– Bolalarning sudlov jarayonidagi ishtiroki ular ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi lozim, – deydi YUNISЕFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman. – Bu, oʻz navbatida, tergov vakillarining jinoyat guvohlari boʻlgan bolalarni soʻroq qilishdagi tajribasini muntazam oshirib borishni taqozo etadi. Tashkilotimiz Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalishda kadrlar malakasini oshirish jarayonlarida ishtirok etish istagida. Ushbu maqsadlarga qaratilgan faoliyatni yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejalar ishlab chiqilmoqda.
Tadbirda taʼkidlanganidek, jinoyat guvohlari va qurbonlari boʻlgan voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq tergovlarda xalqaro tajribani oʻrganish huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish imkonini beradi.