O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya axboroti: fuqarolar belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlagani uchun endi 552 900 soʻmgacha jarima toʻlaydilar
2018-10-22 | Jamiyat
Bu haqda 2018-yilning 19-oktabr kuni Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Adliya axboroti” nomli brifing va matbuot anjumanida bildirildi.
Dastlab brifingda hafta davomida bir qator muhim masalalar boʻyicha qabul qilingan qonun hujjatlari haqida maʼlumotlar berildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunlar, shuningdek, “Tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining sharhi berildi.
Shuningdek, “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun mazmuniga binoan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi modda kiritilganligining xabari berildi. Unga koʻra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish — fuqarolarga 92 150 soʻmdan 552 900 soʻmgacha, mansabdor shaxslarga esa 552 900 soʻmdan 921 500 soʻmgacha jarima solishga sabab boʻlishi taʼkidlandi.
Tabiatni asrash, bugungi ekologik jarayonlarni yanada yaxshilash maqsadida “Tabiatni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” hukumat qarori qabul qilinganligi va Qaror bilan Oʻzbekiston hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanganligining maʼlumoti berildi. Atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi hamda chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlari tomonidan undirilishi haqida aytib oʻtildi.
Brifingdan soʻng tashkil etilgan matbuot anjumanida Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Alimentlarni oldindan toʻlash, shuningdek, aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash boʻyicha garov shartnomasini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom toʻgʻrisida fikrlar almashildi.
Matbuot anjumanida davlat ijrochisi ish yurituvida boʻlgan ijro hujjati boʻyicha qarzdor tomonidan undiruvchiga alimentlarni oldindan toʻlash hisobiga koʻchmas yoki koʻchar mulk yoxud boshqa qimmatli ashyo taqdim etilishi mumkinligi haqida va alimentlar summasini oldindan toʻlash yoki alimentlar toʻlash majburiyati boʻyicha garov tuzish faqat qarzdorning aliment toʻlovlaridan qarzdorligi mavjud boʻlmaganda amalga oshirilishi haqida ham aytib oʻtildi.
Matbuot anjumani jurnalistlar, turli soha vakillari va tadbir ishtirokchilarining savol-javoblari bilan davom ettirildi.