O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston – Germaniya savdo aloqalari kengaymoqda
2018-10-19 | Iqtisodiyot
Poytaxtimizda 18-oktyabr kuni Oʻzbekiston – Germaniya savdo va investitsiyalar boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, investitsiya, bank-moliya, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, avtomobil, kimyo, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, turizm, xizmat koʻrsatish kabi sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Laziz Qudratov, Germaniya iqtisodiyot va energetika boʻyicha federal vaziri oʻrinbosari, tashqi iqtisodiy siyosat departamenti rahbari Ekxard Frans va boshqalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik barcha sohada jadal rivojlanib borayotgani, iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalar jalb qilish va uning samaradorligini oshirish borasidagi ishlar bunda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.
Mamlakatimizga Germaniyadan jalb etilayotgan investitsiyalar oqimi ortib bormoqda. Bugungi kunda yurtimizda germaniyaliklar bilan birga tashkil etilgan 147 korxona faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Majlisda Oʻzbekistonning xorijiy sarmoyadorlarga imtiyozlar yaratish borasidagi saʼy-harakatlari Germaniya ishbilarmonlaritomonidan yuqori baholandi. Ushbu mamlakatning “MAN”, “Claas”, “Lemken”, “Knauf” kabi oʻz sohasida yetakchi konsern va kompaniyalari Oʻzbekiston ishlab chiqarish bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani, “Siemens”, “Bosch”, “Viessmann”, “Humana” va koʻplab boshqa kompaniyalar bilan birgalikda istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
– Oʻzbekiston katta iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, – deydi Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld. – Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo va investitsiya sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Avtomobilsozlik va kimyo sanoatida ham hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. Majlisda “Navoiy” va “Angren” erkin iqtisodiy zonalarida hamkorlikda joriy etilgan loyihalar va Chilonzor tumanida yaqinda tashkil etilgan “Algoritm” kichik sanoat zonasi faoliyatini yanada kengaytirish masalalarida ham kelishib oldik.
Tadbirda mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, erkin iqtisodiy zonalarda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoitlar aks ettirilgan taqdimotlar namoyish qilindi.
Dilobar Mamatova, OʻzA