O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tatariston Respublikasi bilan qator hujjatlar imzolandi
2018-10-19 | Siyosat
Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonov boshchiligidagi delegatsiya 18-oktyabr kuni mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan tatar milliy madaniy markazlari faollari bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi faol madaniy-gumanitar hamkorlik samarasida xalqlarimizning doʻstona munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, turli sohalarda oʻzaro hamkorlikka yoʻl ochilayotgani taʼkidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tatar millatiga mansub 240 mingga yaqin, Tataristonda oʻzbek millatiga mansub 120 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.
Tadbir doirasida Tatariston Respublikasi va Toshkent viloyati oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 40 dan ortiq kelishuv imzolandi.
Tatariston Prezidenti tatar milliy madaniy markazlari faollariga esdalik sovgʻalari topshirdi.
Oʻzbek va tatar xalqlari oʻrtasidagi yaqinlikni mustahkamlash maqsadida turli tadbirlarni oʻtkazishga oid fikr-mulohazalar bildirildi.
A.Musayev, F.Abdurasulov (surat), OʻzA